O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev 30 oktyabr kuni Turkiy davlatlar tashkiloti (TDT) bosh kotibi Kubanichbek Omuralievni qabul qildi.
O`zbekistonning tashkilotga raisligi doirasida birgalikda amalga oshirilgan ishlar natijalari va uning bo`lajak sammitiga tayyorgarlik ko`rish masalalari ko`rib chiqildi.
O`tgan davrda turkiy davlatlarning ko`p tomonlama sherikligi yangi sur`at bilan rivojlanganini ta`kidlash joiz. Yuzdan ortiq tadbirlar o`tkazildi, amaliy hamkorlik uchun qator yangi maydonlar tashkil etildi.
Shuningdek, O`zbekiston Xalqaro turkiy madaniyat tashkilotining to`la huquqli a`zosi bo`ldi.
Uchrashuvda TDT doirasida savdo, “yashil” iqtisodiyot, investisiyalar, innovasiyalar, transport va logistika, turizm, ekologiya, yoshlarga oid siyosat, turkiy xalqlarning madaniy va tarixiy merosini ommalashtirish sohalaridagi o`zaro manfaatli hamkorlikni yanada kengaytirish masalalari muhokama qilindi.






