Ijtimoiy tarmoqlarda “Andijon viloyat ruhiy sog`liqni saqlash” dispanserida shifokor bemorni urgani aks etgan videolavhalar tarqaldi.
Andijon viloyat sog`liqni saqlash boshqarmasining ma`lum qilishicha, holat 2023 yil 27 oktyabrdan 28 oktyabrga o`tar kechasi “Andijon viloyat ruhiy sog`liqni saqlash” dispanserida sodir bo`lgan. 28 oktyabr kuni tongda ma`muriyat tomonidan ichki xizmat tekshiruvi tayinlangan, bemorga nisbatan og`ir tan jarohati etkazish mumkin bo`lgan darajada noinsoniy tuyg`ularga mos qo`pol xarakat qilgan kichik tibbiy xodim - Sh.U.ning ishi muassasa kasaba uyushmasi majlisida ko`rilib chiqib, u o`z vazifasidan ozod etilgan, mehnat shartnomasi bekor qilingan, shu kunning o`zida huddudiy ichki ishlar inspektori taklif etilib, xodimning xarakatlari rasmiylashtirilib, qonuniy chora ko`rish uchun huquqni muhofaza qilish organlariga taqdim etilgan, shuningdek ichki ishlar xodimlariga videolavhadan ko`chirma, boshqa xodimlarning tushuntirish xatlari ham berilgan.
Videolavhada aks ettirilgan tibbiyot xodimlaridan ham tushuntirish xatlari olingan, ularning erda yotgan bemorga zudlik bilan yordam bermaganligi, befarqligi hatti xarakatlari kasaba uyushmasida ko`rib chiqilib, ularga intizomiy jazo choralari belgilangan.
Videolavhada aks ettirilgan bemor viloyat sog`liqni saqlash boshqarmasi tomonidan yuborilgan shifokorlar ko`riklaridan o`tkazilgan, UZI, Rentgen, laboratoriya tahlillari, boshqa diganostik tekshiruvlardan o`tkazilgan, jarohatlar, salomatligi uchun xavf tug`diradigan holatlar aniqlanmagan.
Shifo maskanida bemorlar bilan qo`pol hatti harakat qilish qonuniy jazo ko`rilishiga sabab bo`lishi to`g`risida tushuntirish ishlari qayta olib borilgan, barcha hududlarda nazorat kameralari to`liq ishlamoqda. Huquqni muhofaza qilish organlari tomonidan surishtiruv ishlari boshlangan.
“Andijon viloyat ruhiy sog`liqni saqlash” dispanseridagi holat Andijon viloyat sog`liqni saqlash boshqarmasi boshlig`ining nazoratiga olindi.






