AsosiyJamiyat

Biz Falastin xalqi bilan birdam ekanimizni qat`iy bildiramiz - Prezident

'Biz Falastin xalqi bilan birdam ekanimizni qat`iy bildiramiz - Prezident'ning rasmi

Prezident Shavkat Mirziyoev gidroenergetika sohasida amalga oshirilayotgan loyihalar va energetika tizimini kuz-qish mavsumiga tayyorlash bo`yicha vazifalar ijrosi yuzasidan yig`ilish o`tkazmoqda. Bu haqda prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov xabar bermoqda. 

Kun tartibiga o`tishdan oldin davlatimiz rahbari hozirgi kunda butun dunyoda katta tashvish va xavotir uyg`otayotgan masalaga to`xtalib o`tdi:

"Ma`lumki, Isroil armiyasi va Xamas harakati o`rtasida davom etayotgan qurolli to`qnashuvlar gumanitar inqirozni chuqurlashtirmoqda, tinch, begunoh aholi orasida ko`p sonli qurbonlarga olib kelmoqda. 

Bolalar va ayollar halok bo`lmoqda, odamlar boshpanasidan ayrilmoqda, o`z uylarini tashlab ketishga majbur bo`lmoqda.

Biz Falastin va Isroil tomonidan qurbon bo`lgan barcha insonlarning oilalariga chin dildan ta`ziya va hamdardlik izhor etamiz.

Men G`azo sektori aholisiga baholi qudrat yordam ko`rsatish uchun Birlashgan Millatlar Tashkilotining Yaqin Sharq agentligiga 1 million 500 ming dollar ajratish haqida qaror qabul qildim.
   
Biz Falastin xalqi bilan birdam ekanimizni qat`iy bildiramiz va uning Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasi va Xavfsizlik Kengashining ilgari qabul qilingan rezolyusiyalariga muvofiq o`z mustaqil davlatini barpo etishga bo`lgan huquqini qo`llab-quvvatlaymiz", - dedi Prezidentimiz.

"Zo`ravonlik yanada avj olaversa, bu xalqaro vaziyatning keng miqyosda izdan chiqishiga, qurolli to`qnashuvlarga yangi kuchlar tortilishiga olib keladi.

Bularning barchasi Yaqin Sharq mintaqasi bilan cheklanmay, uzoq o`lkalarga ham tarqalib ketadigan, oqibatini bashorat qilib bo`lmaydigan fojialarga olib kelishi mumkin.

Aynan shuning uchun ham biz har ikki tomonni zudlik bilan gumanitar maqsadlarda murosaga kelishga, jangovar harakatlarni to`xtatib, nizoni tinchlik yo`li bilan hal etishga chaqiramiz.

Ma`lumki, biz yashayotgan Markaziy Osiyo mintaqasi turli millat va konfessiyalar vakillarining o`zaro tinch-totuv hayot kechirishi bo`yicha noyob tajribaga ega. 

Bu zaminda asrlar davomida musulmon, xristian va yahudiylar do`stlik va hamjihatlikda yonma-yon yashab kelyaptilar.

Men bugungi fursatdan foydalanib, barcha yurtdoshlarimizga, avvalo, yoshlarimizga murojaat qilib, ularni turli yolg`on tashviqotlarga berilmaslikka, qonunga zid xatti-harakatlar sodir etmaslikka chaqiraman.

Bizning eng katta kuchimiz, bebaho boyligimiz bo`lgan tinch va osoyishta hayotimizni, o`zaro birlik va hamjihatligimizni barchamiz birgalikda asrashimiz zarur", - dedi davlatimiz rahbari va kun tartibidagi masalalar muhokamasiga o`tdi.

    Boshqa yangiliklar