Yig`ilishda energetika tizimining kuz-qish mavsumiga tayyorligi ko`rib chiqildi.
So`nggi besh yilda tarmoq va transformatorlarni modernizasiya qilishga 4 trillion so`mdan ziyod mablag` ajratilgani ta`kidlandi.
Lekin, ayrim viloyat hokimlari o`zlari harakat qilib, mahallalarda transformator va tarmoqlarni yaxshilashga, kuz-qishni betalafot o`tkazish uchun mablag`lar, transformator, sim va boshqa ehtiyot qismlar zaxirasini shakllantirishga etarli e`tibor qaratmayotgani ko`rsatib o`tildi.
Umuman, hududlardagi 33 mingta transformator, 122 ming kilometr elektr tarmoqlari eskirgan, oqibatda ishlab chiqarilgan elektrning 12 foizi yo`qotilgan. 20 ta tumanda elektr yo`qotishlari hajmi respublika ko`rsatkichidan 1,5 barobar yuqori.
Shu munosabat bilan Energetika vazirligiga hududlarda eskirgan transformator va tarmoqlarni yangilash bo`yicha uch yillik dastur ishlab chiqish, viloyat hokimlari va prokurorlariga dasturni amalga oshirish yuzasidan topshiriqlar berildi.
2026 yilga borib jami yo`qotishlar hajmini 8 foizga tushirish shartligi ta`kidlandi.
Mamlakatimizdagi elektr ulgurji iste`molchilarining 28 foizi avtomatlashgan tizimga (ASKUE) ulanmagani qayd etildi. Yoki, aqlli hisoblagichlar o`rnatilgani bilan, 170 mingdan ziyod abonentlarning avtomatlashgan tizim bilan aloqasi yo`q.
Soha mutasaddilariga barcha ulgurji iste`molchilarni ASKUE tizimiga ulash topshirildi.
Joriy yilda hududlarda 3,5 milliard kilovatt-soat elektrdan noqonuniy foydalanish holatlari aniqlangani ta`kidlandi.
Misol uchun, Karmanadagi qurilishi yakunlanmagan binoda 452 ta “mayning” qurilmasi o`rnatilgani oqibatida o`n oy davomida qariyb 5,5 million kilovatt-soat elektrdan noqonuniy foydalanilgan.
Karmana tumani hokimi, prokurori, departament boshlig`i, ichki ishlar, elektr tarmoqlari rahbarlari o`n oyda hududda shuncha elektrdan o`g`irlikni payqamagani, tumanda oylik iste`mol birdaniga 5 foizga oshganini tahlil qilmagani tanqid qilindi.
Ushbu rahbarlarning barchasi ishdan olinishi belgilandi, Bosh prokuraturaga ularning harakatiga baho berib, qonun ustuvorligini ta`minlash topshirildi.
Mutasaddilarga o`g`irliklar eng yuqori bo`lgan hududlarda noqonuniy iste`molga sabab bo`layotgan omillarni aniqlab, ularni bartaraf qilish bo`yicha tizim yaratish vazifasi qo`yildi.
31.10.2023 18:52
Prezident Karmana tumanining qator soha rahbarlari ishdan olinishini aytdi






