Bugun Sankt-Peterburg xalqaro gaz forumi-2023 doirasida “Gazprom” AJ boshqaruvi raisi Aleksey Miller va Qirg`iziston energetika vaziri Taalaybek Ibraev o`rtasida ishchi uchrashuv bo`lib o`tdi.
Tomonlar respublika gaz tashish va gaz taqsimlash tizimlarining kuz-qish mavsumida foydalanishga tayyorligini muhokama qildi. Qayd etilishicha, “Gazprom Qirg`iziston” ishlab chiqarish quvvatlarida barcha zarur texnik chora-tadbirlarni amalga oshirgan.
Aleksey Miller va Taalaybek Ibraev Qirg`iziston Respublikasining gaz sanoatini rivojlantirish bo`yicha hamkorlik to`g`risidagi memorandumni imzolagan. Hujjat gaz sohasida uzoq muddatli hamkorlikka, shuningdek, elektroenergetika sohasida hamkorlik imkoniyatlarini o`rganishga qaratilgan.
31 oktyabrdan 3 noyabrga qadar Expoforum konvensiya va ko`rgazmalar markazida Sankt-Peterburg xalqaro gaz forumi 2023 bo`lib o`tmoqda.
2013 yilda Rossiya va Qirg`iziston hukumatlari o`rtasida respublika hududida tabiiy gazni tashish, taqsimlash va sotish sohasida hamkorlik to`g`risida Bitim tuzilgan.
Eslatib o`tamiz, bugun "Gazprom” va O`zbekiston hukumati o`rtasida energetika sohasida hamkorlik bo`yicha strategik memorandum imzolangani xabar qilingan edi.






