AQSh Kongressining Vakillar palatasi respublikachilarning Isroilga 14,3 milliard dollarlik yordam ko`rsatish rejasini qabul qildi. Quyi palataning 226 a`zosi qonun loyihasini yoqlab, 196 nafari qarshi ovoz berdi, deb xabar bermoqda Reuters. Qonun loyihasida Ukrainaga yordam ko`rsatilmagan.
Vakillar palatasi tomonidan tasdiqlangan yordam rejasi Isroil armiyasini qo`llab-quvvatlashni o`z ichiga oladi, jumladan, Isroilning Iron Dome va David’s Sling havo mudofaa tizimlarini sotib olish uchun 4 milliard dollar va Iron Beam tizimini rivojlantirish uchun 1,2 milliard dollar.
AQSh prezidenti Jo Bayden avvalroq qonunda Ukraina bo`yicha xarajatlar bandi bo`lmasa, veto qo`yishini aytgan edi. Senatdagi Demokratik partiya etakchisi Chak Shumer qonun loyihasini ovozga keltirmasligini aytdi, deb xabar beradi agentlik.
Avvalroq Jo Bayden Kongressdan Ukraina, Isroil, Tayvanga yordamni moliyalashtirish uchun 106 milliard dollar ajratishni, shuningdek, Meksika bilan chegarada himoya devori qurilishi uchun pul ajratishni so`ragan edi. Ushbu mablag`larning katta qismi - 61,4 milliard dollar - Ukrainani qo`llab-quvvatlashga yo`naltirilishi kerak.






