AsosiyJamiyat

Toshkentda avtomobil tirbandligi Moskva, London, Nyu-York va boshqa katta shaharlardan oshib ketishi mumkin

'Toshkentda avtomobil tirbandligi Moskva, London, Nyu-York va boshqa katta shaharlardan oshib ketishi mumkin'ning rasmi

Toshkent shahrida tez-tez kuzatiladigan 10 ballik tirbandlik holatlari anchagina kamaygan bo`lsa-da ushbu masala hali kun tartibidan tushgani yo`q. Ayniqsa kunning tig`iz paytlari shaharning bir qator ko`chalarida turnaqator tirbandliklar kuzatilib turibdi.

Shu kabi holatlarni ko`rib Toshkent shahri ham yirik megapolislar singari trafikni boshqarish muammosiga duch kelayotganligini anglab etish mumkin.

To`g`ri, hozirgi kunda poytaxtimizdagi harakat va tirbandliklar Moskva, London, Nyu-York va boshqa katta shaharlaridan ancha yahshiroq bo`lishi mumkin. Ammo mazkur masalaning echimiga qaratilgan ishlarga tezkorlik bilan kirishlmasa, Toshkentning aholisi sanab o`tilgan shaharlardan kam bo`la turib, tirbandliklar ulardagidan o`tib ketishi mumkin.

Misol tariqasida, bugungi kunda Toshkent shahrida 5 mln. aholi (doimiy yashovchi 3,02 mln, kunlik shaharga kelib ketuvchi 1,5 mln, vaqtinchalik istiqomat qiluvchi aholi 0,48 mln) bo`lib, uning soni yiliga o`rtacha 100 mingtaga, mavjud 760 ming avtotransport vositalari yiliga 76 mingtaga ortib bormoqda.

Aholining kunlik harakatlanishga bo`lgan ehtiyoji 9 mlnni tashkil etib, shundan 3 mlni piyoda harakatlanish, 6 mln nafari esa transportda harakatlanishiga to`g`ri keladi.

Transportda xarakatlanishning 25 foizi, yani 1,5 millioni avtobus, metro va mikroavtobuslarda, qolgan 4,5 millioni shaharda kun davomida harakatlanadigan bir million (760 mingta doimiy ro`yxatdagi va 240 mingta kunlik kelib ketuvchi) avtotransportda amalga oshiriladi.

Yuqoridagilar, qolaversa, yo`l ta`mirlash ishlari hamda transport oqimini samarali boshqarish tizimi yo`qligi sababli tirbandliklarda harakat tezligi 7 km/soatgacha tushib ketishi, aholining yo`lga sarflaydigan vaqti bundan 3 - 4 yil oldingiga nisbatan qariyb ikki barobarga ortgani, oqibatda sekin harakatlanayotgan transportlarning ortiqcha yoqilg`i sarfi va zararli gazlar hajmi, iqtisodiy yo`qotishlar va mamlakatimiz ekologiyasiga zarar ham ortib bormoqda.

Aholini kunlik harakatlanishga bo`lgan ehtiyojini qondirish, bunda yo`lga sarflanadigan vaqt va moddiy resurslar samaradorligini oshirishga sifatli, qulay, xavfsiz va jozibador jamoat transporti tizimini joriy etish orqali erishiladi. Bu jaxon tajribasida ham allaqachon o`z isbotini topgan echim.

Shu nuqtai nazardan sohaga mas`ul tashkilotlarning tirbandlikning oldini olish masalasiga bo`lgan e`tibori kuchaytirildi.

Jumladan, mavjud holatda aholining harakat yo`nalishlari va vaqtlari bo`yicha samarali tashkil etilgan, gavjum joylargacha “bir qadam” tamoyili asosida joylashtirilgan bekatlar va infratuzulma ob`ektlari, barqaror tezlikda harakatlanadigan, yo`nalishlari qulay bog`langan jamoat transporti tizimini joriy etish chora-tadbirlari uchta asosiy yo`nalishda olib borilmoqda.

Birinchidan, shahardagi mavjud oqimlarning (transport yuklamasi) yo`l-ko`cha tarmog`i bo`yicha taqsimlanishini, yangi zichlashtiriladigan hududlardan yo`l tarmog`iga tushadagan yuklamani, taklif etiladigan jamoat transporti samaradorligini hamda yo`l-ko`cha tarmog`iga tushadigan yuklamalarning qayta taqsimlanishini oldindan baholash vositasi sifatida Toshkent shahrining transport makromodeli ishlab chiqildi. Xususan, Jahon banki grant mablag`lari hisobiga jalb qilingan ekspertlar guruhi bilan hamkorlikda ushbu model yanada takomillashtirilmoqda. Bu ishlar noyabr oyida yakunlanadi.

Ikkinchidan, jamoat transporti yangilangan harakat tarkibi (avtobuslar)dan samarali foydalanishni yo`lga qo`yish, aholiga ko`rsatilayotgan xizmatlar sifatini oshirish maqsadida avtobuslar yo`nalish tarmog`i doimiy ravishda takomillashtirib borioyapti.

Jumladan, umumiy uzunligi 44 km bo`lgan ko`cha-yo`l uchastkalarida alohida avtobuslar yo`lagi tashkil etilib, hozirda ushbu yo`laklardan kuniga 16 mingta avtobus qatnaydi va 600 ming yo`lovchining kunlik umumiy (o`rtacha 10 minutdan) 100 ming soat vaqti tejalishiga erishildi.

Uchinchidan, umumiy uzunligi 472 km bo`lgan, transport doimiy harakatlanadigan va asosiy arteriyalar hisoblangan ko`chalarda jamoat transporti harakat ustuvorligi, bekatlar va piyodalar uchun qulay, xavfsiz infratuzilma, transport oqimining samarali boshqaruvi (aqlli svetoforlar) tizimini o`z ichiga olgan kompleks chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Shular qatorida bugungi holatni yaxshilash, aholining harakatlanishga bo`lgan ehtiyojini sifatli, qulay va xavfsiz xizmatlar orqali qondirish maqsadida quyidagi ishlarni amalga oshirish zarur:

1. Jamoat transporti samaradorligini oshirish, yo`lovchilarning harakatlanishga sarflaydigan vaqtini kamaytirish maqsadida, bir transportdan boshqasiga o`tishga mo`ljallangan qulay tariflarni keng qo`llagan holda qisqa masofali avtobus yo`nalishlarini joriy etish.

2. Tirband ko`chalarda avtobuslar harakat xavfsizligini ta`minlash, harakatlanishda yo`qotilayotgan vaqtni kamaytirish maqsadida, prospektlarda faqat to`g`ri harakatlanadigan magistral avtobus yo`nalishlarini joriy qilish.

3. Poytaxtga shahar atrofi hududlaridan kunlik kirib keladigan hamda chiquvchi va magistral yo`nalishlar kesishgan joylarda piyodalar uchun qulay xavfsiz muhitni (infratuzilmani) yaratish.

4. Koridor tamoyili asosida svetoforlarning muvofiqlashtirilgan boshqaruv tizimini hamda jamoat transporti infratuzilmasini takomillashtirish (usutuvorik, qulaylik va xavfsizlikni ta`minlagan xolda). Bunda, 605 ta svetofor ob`ektlari mavjud umumiy uzunligi 472 km bo`lgan koridorlarimizda ancha ishlarni amalga oshirish talab etiladi. 

Avvalo, umumiy uzunligi 125 km bo`lgan, kun davomida asosiy yuklamalar va tirbandliklar kuzatilayotgan ko`chalardan ishni boshlash kerak.

Ma`lumot uchun: hozirda koridor tamoyili asosida echimlar ishlab chiqish bo`yicha eng dolzarb bo`lib turgan 125 km yo`l ko`cha tarmog`ining 55 km. lik uchastkalari (A.Temur, Shahrisabz, Sh.Rustaveli, Yangi Sergeli, Bobur, Samarqand darvoza, Ko`kcha darvoza, Beshqayrag`och va boshqa ko`chalar) ustida ishlar olib borilmoqda.

5. Aglomerasiya hududini bog`laydigan temiryo`l yo`lovchi tashish (elektrichka) tizimini takomillashtirish, yangi avtobus yo`nalishlarini joriy etish hamda qulay transport o`tish bog`lamalarini tashkil etish orqali shaharga kiruvchi transport oqimini kamaytirish.

6. Shaharda yuk transporti harakatini cheklash va TXAY bo`ylab aylanma harakatlanishga yo`naltirish, shahar ichida yuk transporti harakatlanadigan vaqt va yo`llarini aniq belgilab berish.

7. Avtomobil yo`lining temiryo`l bilan kesishmalarida, transport bog`liqligiga talab yuqori bo`lgan (belgilangan mezonlar asosida aniqlangan) hududlarda  hududlarni bog`lovchi ko`prik va yo`l o`tkazgichlarni qurish.

    Boshqa yangiliklar