Yondingizda bo`lsa, may oyida Namangan davlat universiteti binosi oldida 26 yoshli erkak oilaviy kelishmovchilik sababli o`zining 23 yoshli turmush o`rtog`i bilan janjallashib, uni pichoqlab o`ldirgan edi.
Ma`lum bo`lishicha, Namangan shahar sudida mazkur ish ko`rib chiqilgan va erkakka jazo tayinlangan.
Ish hujjatlariga ko`ra, erkak ayoli bilan yarashish maqsadida u o`qiydigan universitetga borgan. Universitet darvozasi oldida ayoliga gul berib, yarashish niyatida ekani va birga yashash taklifini bergan. Ammo, ayol buni rad etib, boshqa yigitdan sovchi kelayotgani, o`sha yigitga turmushga chiqishini aytgan. Bundan jahli chiqqan erkak mashinasida bo`lgan pichoq bilan o`ta shafqatsizlarcha ayolining bo`yin sohasini kesib, og`ir tan jarohati etkazgan. Qayd etilishicha, er qassob bo`lib ishlagan.
Er voqeadan so`ng, o`ziga ham bir necha marotaba pichoq bilan jarohat etkazib, o`z joniga suiqasd qilgan.
Sud hukmiga ko`ra, er JKning 97-moddasi 2-qismi “j" va "l” bandlarida nazarda tutilgan jinoyatni sodir qilganlikda aybli deb topilgan. Unga 17 yil 6 oy ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan. Jazoni umumiy tartibli koloniyalarda o`tattirish belgilangan.






