AsosiyJamiyat

Toshkent viloyatida bir yil oldin bitkazilishi kerak bo`lgan binolardan 13 tasi haliyam tayyor emasligi ma`lum bo`ldi

'Toshkent viloyatida bir yil oldin bitkazilishi kerak bo`lgan binolardan 13 tasi haliyam tayyor emasligi ma`lum bo`ldi'ning rasmi

Senatning Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qo`mitasi hamda prokuratura organlari faoliyati ustidan nazorat qiluvchi komissiyasi yig`ilishida senatorlar Toshkent viloyatida ijtimoiy soha va infratuzilmani rivojlantirish ob`ektlari qurilishida aniqlangan kamchiliklarni tanqid qilishdi.

Qayd etilishicha, o`tgan yilda foydalanishga topshirilishi lozim bo`lgan 13 ta ob`ektda ishlar yakunlanmagan va foydalanishga topshirish dalolatnomalari to`liq rasmiylashtirilmagan. Bundan tashqari, joriy yilda topshirilishi lozim bo`lgan 101 ta ob`ektda qurilish ishlari rejadan orqada qolgan bo`lsa, yangidan qurilishi rejalashtirilgan 21 ta ob`ektda esa qurilish ishlari boshlanmagan.

Shuningdek, joriy o`quv yilida foydalanishga topshirilishi kerak bo`lgan 4 ta maktab hamda 7 ta bog`chada qurilish ishlari yakunlanmagan. Yuqorichirchiq, Bo`stonliq, Qibray, Yangiyo`l tumanlarida 2 tadan, Chirchiq, Nurafshon shaharlari hamda Bekobod tumanida 1 tadan shunday ob`ektlar mavjud.

Yig`ilish davomida qurilish ishlarini sifatli va o`z vaqtida bajarilishida pudratchilar mas`uliyatini yanada oshirish, qurilish ishlariga to`siq bo`layotgan muammolarni mutasaddi tashkilotlar tomonidan o`z vaqtida bartaraf etish, bu borada prokuratura organlarining nazorat faoliyatini kuchaytirish lozimligi ta`kidlandi.

Muhokama yakunida Toshkent viloyat hokimligi hamda viloyat prokuraturasi, shuningdek, Bosh prokuratura, mas`ul vazirlik va idoralarga tegishli taklif va tavsiyalarni qamrab olgan qo`mita qarori qabul qilindi.

    Boshqa yangiliklar