“Futbol-ta`lim muassasalari tarmog`ini kengaytirish hamda xalqaro standartlarga mos keladigan futbol infratuzilmasini rivojlantirish chora-tadbirlari to`g`risida”gi Prezident qarori (PQ–355-son, 03.11.2023 y.) qabul qilindi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar qilmoqda.
Qarorga ko`ra, O`zbekiston futbol assosiasiyasi tizimida quyidagilar tashkil etiladi:
-Milliy futbol markazi;
-Futbol bo`yicha respublika oliy sport mahorati maktabi negizida Futbol terma jamoalari tayyorgarlik markazi;
-Sport tibbiyoti va reabilitasiya markazi.
Shuningdek, Futbol bo`yicha mutaxassislarni tayyorlash markazi Futbol mutaxassislarini tayyorlash va ilmiy-tadqiqot markazi etib, Respublika bolalar va o`smirlar futbol akademiyasi Respublika futbol akademiyasi etib qayta nomlanadi.
2025 yil 1 yanvardan hududiy futbol akademiyalari, maktablari va boshqa davlat futbol-ta`lim muassasalari trenerlarining Futbol mutaxassislarini tayyorlash va ilmiy-tadqiqot markazidan majburiy ravishda tegishli lisenziyalarni olgandan so`ng faoliyat ko`rsatish amaliyoti joriy qilinadi.
2024 yil sentyabrda O`zbekistonda futzal bo`yicha Jahon chempionati o`tkazilishi munosabati bilan hududlarda futzal jamoalari tashkil etiladi, shu jumladan professional futbol klublari huzuridagi futzal bo`yicha asosiy, yoshlar va ayollar jamoalari faoliyati yo`lga qo`yiladi.
2024 yil 1 yanvardan professional futboldagi faoliyatini yakunlagan futbolchi va mutaxassislarga O`zbekiston futbol assosiasiyasining ijobiy xulosasi asosida ularning xususiy sektorda amalga oshiradigan futbolni rivojlantirish loyihalari uchun milliy valyutada 1,5 milliard so`mgacha 5 yildan kam bo`lmagan muddatga imtiyozli kredit ajratiladi.
Futbol mutaxassislarini tayyorlash va ilmiy-tadqiqot markazida “futbol treneri”, “futbol hakami”, “futbol tahlilchisi”, “futbol seleksioneri” (skaut), “sport psixologi”, “futbol menejeri”, “futbol marketologi” kabi mutaxassisliklarga o`qitish yo`lga qo`yiladi.
2024/2025 o`quv yilidan Toshkent tibbiyot akademiyasining Chirchiq filialida “sport shifokori”, “sport dietologi”, “sport farmakologi” bilan birga “sport psixologi” mutaxassisligi bo`yicha kadrlar tayyorlanadi.
2024 yil 1 martgacha respublikadagi barcha stadion va futbol maydonlarining yagona elektron reestri ishlab chiqiladi.
024 yil 1 iyungacha futbol uchrashuvlarini namoyish qilish, futbolni aholi o`rtasida keng targ`ib qilish maqsadida futbol bo`yicha maxsus telekanal tashkil qilinadi.






