“Karate (WKF) sport turini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to`g`risida”gi Prezident qarori qabul qilindi. Bu haqda Huquqiy axborot xabar bermoqda.
Qarorga ko`ra, 2023–2026 yillarda karate (WKF) sport turini rivojlantirishning asosiy yo`nalishlari belgilandi. Jumladan:
- aholining barcha qatlamlari karate bilan shug`ullanishi uchun hududlarda “Karate hamma uchun” dasturi amalga oshiriladi;
- bog`chalarda “Kids karate” (kids karate) loyihasi ishga tushiriladi.
Qaror bilan O`zbekiston karate milliy federasiyasi O`zbekiston karate (WKF) assosiasiyasi etib qayta tashkil qilinib, joylarda uning hududiy bo`linmalari faoliyati yo`lga qo`yiladi.
Shuningdek, jismoniy imkoniyati cheklangan va nogironligi bo`lgan shaxslar o`rtasida parakarateni rivojlantirish uchun O`zbekiston Milliy paralimpiya qo`mitasi tuzilmasida parakarate bo`limi tashkil etiladi.
2023–2026 yillarda O`zbekistonda karate (WKF) bilan doimiy shug`ullanuvchilar sonini 55 ming nafarga etkazish (jumladan, joriy yilda 40 ming nafar) nazarda tutilgan.
2024 yildan boshlab har yili:
- respublikaning barcha hududlarida 7 oktyabr kuni – Butunjahon karate kuniga bag`ishlangan Karate festivali;
- karate va parakarate bo`yicha nufuzli “Uzbekistan Open” xalqaro turniri;
- belgilangan yosh toifalari bo`yicha uch bosqichli (tuman/shahar, hududiy va respublika) chempionatlar va kuboklar;
- karate bo`yicha davlat sport-ta`lim muassasalari o`rtasida “O`zbekiston chempionati” musobaqasi o`tkaziladi.
Qarorga ko`ra, Yoshlar siyosati va sport vazirligi tizimida O`zbekiston karateni rivojlantirish markazi tashkil etiladi.
Mazkur markaz barcha yosh toifalari bo`yicha terma jamoalarning o`quv-mashg`ulot yig`inlarini o`tkazish uchun asosiy sport bazasi hisoblanadi.
2024 yil 1 martgacha joylarda karate bilan shug`ullanayotgan, shuningdek, musobaqalarda qatnashuvchi barcha sportchilar to`g`risidagi ma`lumotlar to`liq raqamlashtiriladi.
2024/2025 o`quv yilidan O`zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetida karate bo`yicha bakalavriat ta`lim yo`nalishiga va magistratura mutaxassisligiga amaldagi o`qishga qabul qilishning davlat buyurtmasi parametrlari joriy o`quv yiliga nisbatan 2 baravarga oshiriladi.
04.11.2023 13:10
O`zbekiston karate (WKF) assosiasiyasi tashkil qilinadi






