AsosiyJamiyat

Grippga qarshi vaksinalarning samaradorligi 90 foizni tashkil etadi - mutaxassis

'Grippga qarshi vaksinalarning samaradorligi 90 foizni tashkil etadi - mutaxassis'ning rasmi

Grippga qarshi vaksinalarning samaradorligi 90 foizni tashkil etadi. Bu haqda Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo`mitasi bo`lim boshlig`i Dilorom Tursunova ma`lum qilgan.

— Gripp — “oyoqda o`tkaziladigan” kasallik emas! Uni oddiy shamollash deb o`ylab, o`zboshimchalik bilan davolanish ham noto`g`ri. Chunki bu xastalikning o`zidan ko`ra asoratlari ko`proq xavfli.  

Negaki, gripp virusi qon tomirlari devorlarining kasalliklarga nisbatan himoya qobiliyatini susaytirib yuboradi. Shu sababli infeksiyalar qon oqimi orqali ichki organlarga etib borib, yallig`lanish o`choqlarini hosil qiladi.  

Oqibatda u pnevmoniya, bronxit, yuqori nafas yo`llarining ikkilamchi bakterial infeksiyalari, asab va yurak-qon tomir tizimi kasalliklari hamda qandli diabet kabi xastaliklarni keltirib chiqaradi. Eng yomoni, ushbu darddan o`z vaqtida davolanmaslik o`lim holatlariga ham sabab bo`lishi mumkin.

Mana, hozir barcha yoshdagi insonlar, ayniqsa bolalar va o`smirlar orasida gripp virusi ko`p uchraydigan mavsum. Ko`tarilish davri odatda noyabr oyidan boshlanib, mart oyigacha davom etadi.  

Mutaxassis sifatida bunday paytda xastalikdan ishonchli himoyalanish uchun unga qarshi emlanishni tavsiya etamiz. Bu — eng samarali va katta sarf-xarajat talab etmaydigan usul.  

Qolaversa, vaksina xavfsiz va yuqori ta`sirga ega bo`lib, yillik kasallanish va o`lim holatlarini etarlicha kamaytiradi. Ya`ni zamonaviy grippga qarshi emlash vositalarining samaradorligi 90 foizni tashkil etadi.

Mavsumiy grippga qarshi vaksina organizmda 15 kun ichida grippga qarshi immunitet ishlab chiqadi. Ta`sir kuchi 1 yilga etadi.  

Emlashdan oldin shifokor tomonidan, albatta, emlanuvchi shaxsning umumiy salomatligi tekshirilib, shunga ko`ra vaksinasiya qilish-qilmaslik belgilanadi. Ya`ni, emlanadigan kishi shamollash, nafas olish yo`llari yallig`lanishi kabi kasalliklardan tamoman sog`lom bo`lishi kerak.  

 Shuningdek, vaksina tarkibidagi komponentlarga nisbatan allergik ta`sirchanlik darajasi ham tekshiriladi.

 JSST ushbu virusga qarshi, birinchi navbatda, homilador ayollar, 6 oylikdan 5 yoshgacha bo`lgan bolalar, keksa yoshli insonlar (65 yoshdan katta), surunkali kasalliklari bor bemorlar va tibbiyot xodimlarini emlashni tavsiya etadi.

 

    Boshqa yangiliklar