AsosiyJamiyat

O`zbekiston aholisi o`rtacha necha yil yashayotgani ma`lum qilindi

'O`zbekiston aholisi o`rtacha necha yil yashayotgani ma`lum qilindi'ning rasmi

Mamlakatda o`rtacha umr ko`rish davomiyligi 74,3 yoshni tashkil etdi. Bu haqda Statistika agentligi ma`lumot berdi.

2023 yil 1 oktyabrda O`zbekistondagi doimiy aholi soni 36,6 million kishiga etdi. Shundan 18 million 423 ming nafari erkaklar, 18 million 177 ming nafari ayollardir.

Joriy yil boshida respublika aholisining tug`ilishda kutilayotgan o`rtacha umr ko`rish davomiyligi 74,3 yoshni tashkil etgan. Ushbu ko`rsatkich erkaklar uchun 72,1 yosh, ayollar uchun 76,6 yoshga to`g`ri kelgan. Shu bilan birga, o`rtacha umr ko`rish davri shahar joylarda 74,8 yosh, qishloq joylarda 73,6 yoshni tashkil etmoqda.

“2023 yil 1 yanvar holatiga ko`ra, O`zbekistonda 65 va undan yuqori yoshdagi aholi salmog`i 5,4 foiz. Bu ko`rsatkich xalqaro mezonlar bo`yicha O`zbekiston aholisi “demografik keksayish bo`sag`asida”gi mamlakatlar qatoriga kirishini anglatadi”, — deyiladi agentlik axborotida.

Keksayish koeffisienti – BMT demograflari tomonidan keksayish jarayonini baholash maqsadida ishlab chiqilgan uch bosqichli mezon. Unga ko`ra, 65 va undan yuqori yoshdagi aholi ulushi 4 foizdan kam bo`lsa – demografik yosh, 4–7 foiz bo`lsa – keksayish bo`sag`asida, 7 foizdan oshsa, hudud aholisi demografik keksa hisoblanadi.

Joriy yil 1 oktyabr holatiga ko`ra, respublika doimiy aholisi sonining 32 foizi mehnatga layoqatli yoshdan kichiklar, 56,5 foizi mehnatga layoqatli yoshdagilar va 11,5 foizi mehnatga layoqatli yoshdan kattalar hissasiga to`g`ri kelmoqda.

Mehnatga layoqatli yoshdagi aholi soni Mehnat kodeksiga muvofiq 16 yoshdan 60 yoshgacha bo`lgan erkaklar va 16 yoshdan 55 yoshgacha bo`lgan ayollardan tashkil topadi. 16 yoshgacha bo`lgan bolalar va o`smirlar mehnatga layoqatli yoshdan kichiklar, 60 yosh va undan katta erkaklar hamda 55 yosh va undan katta ayollar mehnatga layoqatli yoshdan kattalar toifalariga ajratiladi.

    Boshqa yangiliklar