“Yonish va portlash xavfi yuqori bo`lgan kimyoviy moddalar bilan bog`liq favqulodda vaziyatlarning oldini olish bo`yicha chora-tadbirlar samaradorligini oshirish to`g`risida”gi Prezident qarori (PQ-357-son, 06.11.2023 y.) qabul qilindi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar qilmoqda.
Qarorga ko`ra, Favqulodda vaziyatlar vazirligiga yonish va portlash xavfi yuqori bo`lgan kimyoviy moddalarni (mahsulotlarni) saqlash, tashish, ulardan foydalanish va yo`q qilish sohasidagi faoliyatni muvofiqlashtirish, shuningdek, ushbu sohada belgilangan talablarga rioya etilishini nazorat qilish vazifalari yuklandi.
Vazirlikda, shunga ko`ra, yonish va portlash xavfi yuqori bo`lgan kimyoviy moddalar bilan bog`liq favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish bo`limi hamda bo`linmalari tashkil etiladi.
2024 yil 1 yanvardan:
- respublikaga olib kirilgan hamda bojxona rasmiylashtiruvidan o`tkazilgan kimyoviy moddalar va ularni olib kiruvchi sub`ektlar to`g`risidagi ma`lumotlar Bojxona qo`mitasining Yagona avtomatlashtirilgan axborot tizimi orqali Vazirlikka real vaqt rejimida taqdim etib boriladi;
- kimyoviy moddalar faqat favqulodda vaziyatlarning (yong`inlarning) oldini olish va sanoat xavfsizligi talablariga javob beradigan omborlarda saqlanishiga ruxsat beriladi.
Respublikaga kimyoviy moddalarni olib kiruvchi sub`ektlar tomonidan bojxona rasmiylashtiruvidan o`tkazilgan kimyoviy moddalar va ularni saqlash joylari to`g`risidagi ma`lumotlarni kiritish imkoniyatiga ega bo`lgan axborot platformasi yaratiladi.
2024 yil 1 yanvardan O`zbekistonga kimyoviy moddalarni olib kirish, tashish, saqlash, ulardan foydalanish va yo`q qilishda belgilangan talablarga rioya etilishini doimiy nazorat qilishning quyidagi tartibi joriy etiladi, jumladan:
➖ Bojxona qo`mitasi kimyoviy moddalarni bojxona rasmiylashtiruvidan o`tkazadi hamda 1 kun muddatda Yagona avtomatlashtirilgan axborot tizimi orqali kimyoviy moddalar turi, miqdori va ularni olib kiruvchi sub`ekt to`g`risidagi ma`lumotlarni Favqulodda vaziyatlarda harakat qilish va boshqarish milliy markaziga taqdim etadi;
➖ kimyoviy moddalarni olib kiruvchi sub`ektlar ushbu moddalar bojxona rasmiylashtiruvidan o`tkazilgan kunning o`zida axborot platformasi orqali kimyoviy moddalarning saqlanadigan joyi (ombor) haqidagi ma`lumotlarni Milliy markazga taqdim etadi.






