AsosiyJamiyat

Endi chet el fuqarolarini O`zbekistonga taklif qilish bo`yicha davlat xizmati ko`rsatiladi

'Endi chet el fuqarolarini O`zbekistonga taklif qilish bo`yicha davlat xizmati ko`rsatiladi'ning rasmi

Hukumat qarori (589-son, 06.11.2023 y.) bilan Chet el fuqarolarini va fuqaroligi bo`lmagan shaxslarni O`zbekistonga taklif qilish bo`yicha davlat xizmatini ko`rsatishning ma`muriy reglamenti tasdiqlandi.

Qarorga ko`ra, davlat xizmati ichki ishlar organlarining migrasiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bo`limlariga (vakolatli organ) bevosita murojaat etish yoki YaIDXP (my.gov.uz) orqali vakolatli organ tomonidan ko`rsatiladi.

Buning uchun ariza beruvchi o`z xohishiga ko`ra doimiy yoki vaqtincha ro`yxatdan o`tgan manzilidan qat`i nazar, istalgan vakolatli organga o`zi kelib yoki YaIDXP orqali murojaat etadi.

So`rovnoma to`ldirilib, tegishli hujjatlar ilova qilinadi.

Vakolatli organ tomonidan so`rovnomaga kiritilgan ma`lumotlarning haqqoniyligi 2 ish kuni ichida tekshiriladi.

Ariza beruvchi davlat xizmati ko`rsatilganligi uchun BHMning 5 foizi miqdorida davlat boji to`laydi.

So`rovnomasi qaytarilgan ariza beruvchi tegishli kamchiliklarni bartaraf etgandan so`ng vakolatli organga 5 ish kunidan ko`p bo`lmagan muddatda qayta murojaat qilishga haqli.

Bunda undan qo`shimcha yig`im undirilmaydi.

Ma`lumotlar tekshirilgach, so`rovnoma Davlat xavfsizlik xizmati hududiy boshqarmasiga (maxsus vakolatli organ) yuboriladi.

Maxsus vakolatli organ 7 ish kuni ichida chet el fuqarosi yoki fuqaroligi bo`lmagan shaxsni O`zbekistonga taklif qilinishi maqsadga muvofiqligi yoki muvofiq emasligi to`g`risida fikrini bildiradi.

Shunga ko`ra, vakolatli organ tomonidan 1 ish kunida QR-kod (martik shtrixli kod) qo`yilgan taklifnoma rasmiylashtiriladi hamda ariza beruvchiga taqdim etiladi.

Taklifnoma berilgan kundan boshlab 3 oy davomida amal qiladi.

    Boshqa yangiliklar