️Prezident Farmoni (PF–188-son, 07.11.2023 y.) bilan ayrim qonunchilik hujjatlarini yangi tahrirdagi Konstitusiyaga muvofiqlashtirish bo`yicha o`zgartirish va qo`shimchalar kiritildi.
Shunga ko`ra:
- Sudyalar oliy kengashi raisi va a`zolarini, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktorini hamda Raqobatni rivojlantirish va iste`molchilar huquqlarini himoya qilish qo`mitasi raisini Prezidentning taqdimiga binoan Oliy Majlis Senati tomonidan saylash tartibi belgilandi;
- yangi tahrirdagi Konstitusiyadagi davlat xizmatini o`tash bilan bog`liq cheklovlar qonun bilan belgilanishiga oid talabdan kelib chiqib, qonunosti hujjatlardagi bunday cheklovlar bekor qilinadi;
- mehnatga haq to`lashning eng kam miqdorini belgilashda insonning munosib turmush darajasini ta`minlash zarurati hisobga olinadi.
Vazirliklar, Bosh prokuratura va Oliy sud 2024 yil 1 yanvargacha o`zlariga biriktirilgan soha va tarmoqlar kesimida qonunosti hujjatlarni yangi tahrirdagi Konstitusiyaga muvofiqlashtirish bo`yicha Adliya vazirligiga taklif kiritadi.
Bunda quyidagi masalalarga alohida e`tibor qaratiladi:
–mulk huquqining konstitusiyaviy kafolatlarini ta`minlash, shu jumladan, mulkdor o`z mol-mulkidan qonunda nazarda tutilgan hollardan va tartibdan tashqari hamda sudning qaroriga asoslanmagan holda mahrum etilishi mumkin emasligi haqidagi konstitusiyaviy normadan kelib chiqib, ushbu masalalarni faqat qonunlar bilan belgilash;
–insonning huquq va erkinliklari faqat qonunga muvofiq cheklanishi mumkinligi to`g`risidagi konstitusiyaviy talab asosida barcha qonunosti hujjatlarini qayta ko`rib chiqish;
–davlat organlari tomonidan insonga nisbatan qo`llaniladigan huquqiy ta`sir choralari mutanosiblik prinsipiga asoslanishi va qonunlarda nazarda tutilgan maqsadlarga erishish uchun etarli bo`lishi kerakligi to`g`risidagi konstitusiyaviy normadan kelib chiqib, qonunosti hujjatlaridagi huquqiy ta`sir choralarini qayta ko`rib chiqish;
–uy-joy daxlsizligi huquqini ta`minlash, hech kim sudning qarorisiz va qonunga zid tarzda uy-joyidan mahrum etilishi mumkin emasligiga oid konstitusiyaviy normalardan kelib chiqib, qonunosti hujjatlarini qayta ko`rib chiqish;
– O`zbekiston hududida iqtisodiy makon birligi, tovarlar, xizmatlar, mehnat resurslari va moliyaviy mablag`larning erkin harakatlanishi to`g`risidagi konstitusiyaviy normaga muvofiq qonunosti hujjatlarini qayta ko`rib chiqish.






