O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev 8 noyabr kuni Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti (IHT) bosh kotibi Xusrav Noziriyni qabul qildi.
Birlashma doirasidagi amaliy hamkorlikni yanada rivojlantirish, ushbu ko`p tomonlama tuzilmalar faoliyati samaradorligini oshirish masalalari ko`rib chiqildi.
Davlatimiz rahbari o`zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirish, eng avvalo, savdo, transport, investisiyalar, innovasiyalar, ekologiya, turizm sohalarida qo`shma loyiha va dasturlarni amalga oshirish uchun katta salohiyat mavjudligini qayd etdi.
Bosh kotib O`zbekiston IHT faoliyatida faol ishtirok etayotgani, ilk bor Toshkentda «Hamkorlikda iqtisodiy barqarorlik va taraqqiyot sari» shiori ostida o`tkaziladigan IHTning navbatdagi sammiti yuqori saviyada tayyorlangani uchun samimiy minnatdorlik bildirdi.
Mamlakatimizning 2021 yilgi Ashxobod sammiti davomida ilgari surilgan tashabbuslari izchil amalga oshirilayotgani katta mamnuniyat bilan qayd etildi.
Uchrashuv chog`ida IHT davlatlari etakchilarining bo`lajak Toshkent yig`ilishi kun tartibi yuzasidan fikr almashildi.






