O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti sammiti tadbirlari doirasida Bosh vazir Anvar ul-Haq Kakar boshchiligidagi Pokiston Islom Respublikasi delegasiyasi bilan muzokara o`tkazdi.
Ikki tomonlama hamkorlikni, eng avvalo, savdo-iqtisodiyot, investisiya va transport-kommunikasiya sohalarida yanada mustahkamlashning dolzarb masalalari muhokama qilindi.
Turli darajalarda faol muloqot olib borilayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi. O`zaro tovar ayirboshlash va yuk tashish hajmi yil boshidan buyon 40 foizga oshdi. To`qimachilik, kimyo, farmasevtika va boshqa tarmoqlarda kooperasiya loyihalari amalga oshirilmoqda. Yigirmata qo`shma korxona tashkil etildi.
2024-2025 yillarga mo`ljallangan Sanoat kooperasiyasi dasturini tez fursatda qabul qilish, ishbilarmonlik aloqalarini rivojlantirish uchun savdo to`siqlarini bartaraf etish va qulay sharoitlar yaratish muhimligi ta`kidlandi.
Transafg`on temir yo`lini qurish loyihasini amalga oshirish masalalariga alohida e`tibor qaratildi.
Mintaqaviy kun tartibidagi masalalar yuzasidan ham fikr almashildi.






