AsosiyJamiyat

Endi sudyalar oliy kengashi raisi, aksilkorrupsiya agentligi direktori Senat tomonidan saylanadi

'Endi sudyalar oliy kengashi raisi, aksilkorrupsiya agentligi direktori Senat tomonidan saylanadi'ning rasmi

Prezident Farmoni bilan ayrim Prezident hujjatlari yangi tahrirdagi Konstitusiyaga muvofiqlashtirildi.

Prezidentning “Yangi tahrirdagi O`zbekiston Respublikasi Konstitusiyasi qabul qilinganligi munosabati bilan O`zbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim hujjatlariga o`zgartirish va qo`shimchalar kiritish to`g`risida”gi Farmoni qabul qilindi.

Farmon bilan O`zbekiston Respublikasi Prezidentining

14 ta hujjatlariga quyidagilarni nazarda tutuvchi o`zgartirish

va qo`shimchalar kiritildi, xususan:

1) Sudyalar oliy kengashi raisi va a`zolarini, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktorini hamda Raqobatni rivojlantirish va iste`molchilar huquqlarini himoya qilish qo`mitasi raisini O`zbekiston Respublikasi Prezidentining taqdimiga binoan Oliy Majlis Senati tomonidan saylash tartibi ko`zda tutildi;

2) yangi tahrirdagi Konstitusiyaning davlat xizmatini o`tash bilan bog`liq cheklovlar qonun bilan belgilanishi talabidan kelib chiqib, qonunosti hujjatlardan bunday cheklovlar chiqarildi;

3) mehnatga haq to`lashning eng kam miqdorini belgilashda insonning munosib turmush darajasini ta`minlash zarurati hisobga olinishi belgilab qo`yildi.

Shu bilan birga, Farmonda qonunchilikni yangi tahrirdagi Konstitusiyaga muvofiqlashtirish bo`yicha ishlarni davom ettirish maqsadida mas`ul vazirlik va idoralarga bir qator topshiriqlar berildi.

Xususan, quyidagi sohalarda konstitusiyaviy prinsiplarni ro`yobga chiqarish bo`yicha alohida topshiriq berildi:

birinchidan, mulk huquqining konstitusiyaviy kafolatlarini ta`minlash, shu jumladan, mulkdor o`z mol-mulkidan qonunda nazarda tutilgan hollardan va tartibdan tashqari hamda sudning qaroriga asoslanmagan holda mahrum etilishi mumkin emasligi haqidagi konstitusiyaviy normadan kelib chiqib, ushbu masalalarni faqat qonunlar bilan belgilash;

ikkinchidan, davlat organlari tomonidan insonga nisbatan qo`llaniladigan huquqiy ta`sir choralari (jinoiy va ma`muriy jazo choralari, shu jumladan, jarima, musodara qilish, shuningdek, moliyaviy sanksiya, penya, lisenziyani to`xtatish yoki bekor qilish va boshqalar) mutanosiblik prinsipiga asoslanishi va qonunlarda nazarda tutilgan maqsadlarga erishish uchun etarli bo`lishi kerakligi to`g`risidagi konstitusiyaviy normadan kelib chiqib, qonunosti hujjatlaridagi huquqiy ta`sir choralarini qaytako`rib chiqish;

uchinchidan, insonning huquq va erkinliklarini faqat qonunga muvofiq cheklanishi mumkinligi to`g`risidagi konstitusiyaviy talab asosida barcha qonunosti hujjatlarini qayta ko`rib chiqish;

to`rtinchidan, uy-joy daxlsizligi huquqini ta`minlash, hech kim sudning qarorisiz va qonunga zid tarzda uy-joyidan mahrum etilishi mumkin emasligiga oid konstitusiyaviy normalardan kelib chiqib, qonunosti hujjatlarini qayta ko`rib chiqish;

beshinchidan, O`zbekiston Respublikasi hududida iqtisodiy makon birligi, tovarlar, xizmatlar, mehnat resurslari va moliyaviy mablag`lar erkin harakatlanishi to`g`risidagi konstitusiyaviy normaga muvofiq qonunosti hujjatlarini qayta ko`rib chiqish.

Mazkur Farmon qonunosti hujjatlarini yangi tahrirdagi Konstitusiyaga muvofiqlashtirish orqali konstitusiyaviy prinsiplarni ro`yobga chiqarishga, davlat organlari faoliyati yangicha konstitusiyaviy-huquqiy sharoitlar asosida yo`lga qo`yishga, shuningdek, mulk huquqi daxlsizligini ta`minlash choralarini ko`rishga qaratilgan.

    Boshqa yangiliklar