Vladimir Putin Markaziy Osiyo davlatlari o`rtasidagi hamkorlikning afzalliklari haqida gapirdi.
Rossiya prezidenti fikricha, Markaziy Osiyo mintaqasida kuchlarni birlashtirish tendensiyasi kuchaymoqda. Rossiya davlati rahbari xavfsizlik, transport va energetika masalalarini Moskvaning mintaqa davlatlari bilan hamkorligining ustuvor yo`nalishlari deb atadi.
“Markaziy Osiyo mintaqasida birlashish tendensiyalari kuchayib bormoqda. Buni joriy yilning 14 sentyabr kuni Dushanbe shahrida bo`lib o`tgan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining navbatdagi maslahat uchrashuvi yakunlari ham tasdiqladi. Shu fonda “Markaziy Osiyo plus Rossiya” formati yanada ommalashmoqda. Ko`rinib turibdiki, transport-logistika, energetika va gumanitar sohalardagi o`zaro hamkorligimiz ikki tomonlama hamkorlik doirasidan oshib ketdi va barcha manfaatdor tomonlarning birgalikdagi sa`y-harakatlari natijasida yanada ko`proq foyda keltirishi va boyitishi mumkin”, — dedi Putin.
U oliy darajadagi muloqotdan tashqari, xavfsizlik kengashlari va boshqa tuzilmalar orqali ham aloqalar o`rnatilganiga ishora qildi. Misol tariqasida Rossiya prezidenti tashqi ishlar vazirlari darajasidagi olti tomonlama aloqalar mexanizmini keltirdi, uning baholashiga ko`ra, 2019 yildan buyon muvaffaqiyatli rivojlanib bormoqda. “Ushbu formatdagi muzokaralarning navbatdagi raundi joriy yilning 14 aprel kuni Samarqand shahrida bo`lib o`tdi. Sanoat kompetensiyalari bo`yicha “Markaziy Osiyo plus Rossiya” ekspert guruhlari faoliyatini yo`lga qo`yish rejalashtirilmoqda”, — deya aniqlik kiritdi Rossiya Federasiyasi rahbari.






