Aksariyat odamlar ko`chada sevimli aktyori yoki aktrisasini uchratishni orzu qiladi. Ba`zilar bunga erishadi, ba`zilar esa ularni uchratgandan keyin o`zlari mashhur bo`lishadi, deb yozadi “Fromlife.net” nashri.
Bundan ikki yil ilgari fransiyalik Karin Gombo ismli ayol 15 yoshli o`g`li bilan bir umr borishni niyat qilgan Nyu-York shahriga yo`l oladi. O`g`li bilan shaharning markaziy xiyobonida kezib yurganda kichkina pissa sotib oladi. Hali pissani eb ulgurmay, axlat qutini titib, emak izlayotgan daydiga ko`zi tushadi va unga rahmi keladi.
Ayol zudlik bilan daydining oldiga borib, yarimta pissani uzatadi va uning sovib qolgani uchun uzr so`raydi.
“Daydi mendan sumkamda nima borligini so`radi. Javob berish uchun og`iz juftladim-u, inglizcha yaxshi gapirolmaganimdan so`zlarim fransuzcha yangradi. Men unga “Uzr, pissa sovib qolibdi”, dedim. U esa “Rahmat, seni Xudo yorlaqasin!” deb javob berdi”, deya xotirlaydi Karin.
O`sha paytda ayol daydi erkakning aslida kimligi etti uxlab, tushiga ham kirmagan. Oradan ikki kun o`tgach, mehmonxonadagi nomeriga mehmonxona xizmatchisi qo`lida gazeta bilan otilib kiradi. Ma`lum bo`lishicha, daydi erkak mashhur aktyor Richard Gir ekan. Aktyorning filmlarini sevib tomosha qilgan Karin hayotda uni bu alfozda uchrataman, deb o`ylamagandi. O`sha paytda aktyor suratga olinayotgan yangi filmda daydi rolini ijro etayotgan ekan. Aktyor va barcha suratga olish guruhi bu esda qolarli voqeani unutmadi. Oradan ikki yil vaqt o`tgan bo`lsa-da, hamon uni labda tabassum bilan eslashadi.




