Prezident yig`ilishida ayrim klaster va fermerlar o`rtasida hisob-kitob intizomi buzilgani qayd etildi. Bu haqda Prezident Matbuot xizmati xabar bermoqda.
20 ta klasterda hisob-kitoblar joyida bo`lsa, 122 ta klasterning Qishloq xo`jaligi jamg`armasi oldida qarzdorligi bor, 27 ta klaster esa fermerlarga 2022 yil paxta hosilidan tegishli mablag`larni to`lab bermagan. Shu kabi, fermerlarning ham klasterlar oldida qarzdorligi bor.
Yig`ilishda shu munosabat bilan klasterlarni tashkil etish, ular bilan fermerlar o`rtasidagi munosabatlar bo`yicha yangi tizim joriy qilinishi belgilandi.
Har bir viloyatda yangi klasterlarga moliyaviy ko`rsatkichlari, ishlab chiqarish quvvatlari va texnika ta`minoti bo`yicha talablar qo`yiladi. Ular kamida ikki bosqichli qayta ishlashni yo`lga qo`ygan bo`lishi shart bo`ladi.
Fermerlar bir viloyat ichidagi xohlagan klasteri bilan fyuchers shartnomasi tuzishi mumkin bo`ladi. Ular fyuchers shartnomasidan ortgan hosilni birja orqali sotishiga ham imkoniyat yaratiladi.
Shuningdek, kelgusi yil hosili uchun paxta etishtirishga 60 foiz avans ko`rinishidagi imtiyozli kreditlar to`g`ridan-to`g`ri fermerlarga ajratiladi.
Mutasaddilarga klaster va fermerlarni moliyalashtirishni yangi tartibini yo`lga qo`yish topshirildi.
09.11.2023 18:46
Har bir viloyatda yangi klasterlarga moliyaviy ko`rsatkichlari, ishlab chiqarish quvvatlari va texnika ta`minoti bo`yicha talablar qo`yiladi — Shavkat Mirziyoev






