Qozog`iston prezidenti Qosim-Jomart Toqaev Markaziy Osiyoda yaqinlashib kelayotgan suv tanqisligi haqida gapirdi. Bu haqda Toqaev Rossiya prezidenti Vladimir Putin ishtirokida Qozog`iston va Rossiya o`rtasidagi XIX mintaqalararo hamkorlik forumida so`zlagan nutqida ma`lum qildi.
– Iqtisodiyotimizning muhim tarmoqlari, ayniqsa, qishloq xo`jaligida suvning yuqori intensivligi vaziyatni yanada og`irlashtirmoqda. Mutaxassislarning prognozlariga ko`ra, 2050 yilga borib Markaziy Osiyodagi qurg`oqchilik va suv toshqinlari hosildorlikning 30 foizga kamayishiga olib keladi. Qishloq xo`jaligimiz suvning 60 foizdan ortig`ini iste`mol qiladi va suvni tejovchi texnologiyalarni keng joriy etishni talab qiladi. Bu mutlaqo dolzarb vazifa”, — dedi Toqaev.
Qozog`iston Prezidenti ta`kidlashicha, ushbu chaqiriqlarga javoban mamlakat suv xo`jaligini modernizasiya qilishga kirishdi. 20 ta yangi qurish va kamida 15 ta mavjud suv omborini rekonstruksiya qilish, 3,5 ming km dan ortiq kanallarni modernizasiya va raqamlashtirish rejalashtirilgan. Uning so`zlariga ko`ra, bu 2027 yilgacha qo`shimcha ikki kub kilometr suv bilan ta`minlash imkonini beradi.
Qozog`iston davlati rahbari mamlakatda yangi Suv kodeksi ishlab chiqilayotganini eslatdi. Shuningdek, Rossiya bilan birgalikda yirik daryolar - Irtish va Ural havzalarida tadqiqot olib borish bo`yicha yagona yo`l xaritasi amalga oshirilmoqda.
“Bunday murakkab muammoni bir davlatning sa`y-harakatlari bilan hal qilib bo`lmasligini qayd etmoqchiman. Bu masalaga manfaatlarning oqilona muvozanatini hisobga olgan holda birgalikda yondashish kerak. Fursatdan foydalanib, Rossiya Federasiyasi bilan strategik hamkorligimiz suv resurslaridan ikki mamlakat xalqlari manfaatlari yo`lida birgalikda oqilona foydalanishga mutanosib yondashuvni kafolatlashiga umid bildirmoqchiman”, — dedi Toqaev.
Misli ko`rilmagan global muammolar oldida Qozog`iston va Rossiya uchun oziq-ovqat xavfsizligini ta`minlash bo`yicha birgalikdagi sa`y-harakatlarni muvofiqlashtirish har qachongidan ham muhimroq, dedi davlat rahbari.






