"O`simliklarni himoya qilish to`g`risida”gi Qonun (O`RQ–877-son, 09.11.2023 y.) Prezident tomonidan imzolandi.
Qonunga muvofiq, O`zbekistonda ishlab chiqariladigan yoki boshqa mamlakatlardan olib kelinadigan kimyolashtirish vositalari va o`simliklarni himoya qilish vositalari ro`yxatga olinishi lozim.
Ro`yxatga olish Qishloq xo`jaligi vazirligi huzuridagi O`simliklar karantini va himoyasi agentligi (maxsus vakolatli davlat organi) tomonidan o`tkazilgan sinovlar natijalari asosida amalga oshiriladi.
Kimyolashtirish vositalari va o`simliklarni himoya qilish vositalari 5 yil muddatga ro`yxatga olinadi.
Ro`yxatga olish uchun sinovlarni o`tkazish muddati 2 yildan oshmasligi kerak.
O`simliklarni himoya qilish bo`yicha shoshilinch choralar ko`rilishini talab qiluvchi holatlar mavjud bo`lgan taqdirda, ro`yxatdan o`tkazilmagan o`simliklarni himoya qilish vositalarini 1 yilgacha muddatda tajriba tariqasida qo`llashga yo`l qo`yiladi.
Kimyolashtirish vositalari va o`simliklarni himoya qilish vositalarini faqat maxsus omborxonalarda yoki maxsus xonalarda saqlashga yo`l qo`yiladi. Ularni maxsus idishsiz saqlash taqiqlanadi.
Qonun rasmiy e`lon qilingan kundan e`tiboran 3 oy o`tgach kuchga kiradi.






