AsosiyJamiyat

Davlat organlari byudjet xarajatlarini ochiq e`lon qilishda xatoga yo`l qo`yishmoqda

'Davlat organlari byudjet xarajatlarini ochiq e`lon qilishda xatoga yo`l qo`yishmoqda'ning rasmi

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan davlat organlari va tashkilotlarida ochiqlikka oid qonunchilik hujjatlarida belgilangan majburiyatlarga rioya etilishi holati monitoring tartibida o`rganilib, yo`l qo`yilayotgan tizimli kamchiliklar tahlil qilindi. Bu haqda agentlik Matbuot xizmati xabar bermoqda.

Monitoringda 93 ta vazirlik, idora va mahalliy davlat hokimiyati organlarining 2023 yil 3-choragidagi faoliyati mobaynidaO`zbekiston Respublikasi Prezidentining PF-6247-son farmonida belgilangan ijtimoiy ahamiyatga molik 35 ta toifadagi ma`lumotlarni e`lon qilish darajasi o`rganildi.

Ma`lumot uchun: monitoringda 21 ta vazirlik, 7 ta qo`mita, 11 ta agentlik, 7 ta markaziy muassasa, 13 ta hokimlik va Qoraqalpog`iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, 23 ta davlat ulushi mavjud tashkilot va 10 ta bank tomonidan ma`lumotlarni belgilangan axborot resurslarida e`lon qilinishi  tahlil qilindi. 

Monitoring qilingan  93 ta vazirlik, idora va hokimliklar tomonidan umumiy 52 % samaradorlik ko`rsatkichi (e`lon qilinishi lozim bo`lgan 1103 ta ma`lumotlardan 577tasi e`lon qilingan) qayd etildi. 

Ijtimoiy ahamiyatga molik ma`lumotlarni e`lon qilish darajasi 8 ta davlat organi faoliyatida100%, 11 tasida80 %dan yuqori, 23 tasida 50 %dan yuqori va 51 tasida50 %dan past samaradorlik ko`rsatkichlarida ijro etilgan.

Shuningdek, idoralar kesimida ijro samaradorligi vazirliklar faoliyatida 66 %ni, qo`mitalarda 56 %ni, agentliklarda 54 %ni, hokimliklarda 56 %ni, davlat ulushi mavjud tashkilotlarda 43 %ni, banklarda 32 %ni va markaziy muassasalarda 31 %ni tashkil etgan.

Tahlillarga ko`ra, ijtimoiy ahamiyatga molik ma`lumotlarni ochiq e`lon qilish darajasi bo`yicha eng qoniqarsiz ko`rsatkich markaziy muassasalar, davlat ulushi mavjud tashkilotlar va banklar hissasiga to`g`ri keladi. 

Monitoring jarayonida aniqlanishicha, davlat organlari tomonidan aksariyat hollarda byudjet va byudjetdan tashqari mablag`larning xarajatlariga oid ma`lumotlarni ochiq e`lon qilishda jiddiy kamchiliklarga yo`l qo`yilmoqda.

Jumladan, davlat organlari faoliyatidagi davlat xaridlari to`g`risidagi ma`lumotlar 47 %, mansabdor shaxslarning xizmat safarlari va xorijdan tashrif buyurgan mehmonlarni kutib olish xarajatlari 44 %, xizmat avtomototransport vositalari, xizmat uylari 
va boshqa ko`chmas mulklar to`g`risidagi ma`lumotlar 59 %, xarajatlar smetasi to`g`risidagi ma`lumotlar 42% ko`rsatkichlarda e`lon qilingan. 

O`rganish yakuniga ko`ra, Agentlik tomonidan 23 ta davlat organlari va tashkilotlariga ochiqlikka oid qonunchilik hujjatlarida belgilangan talablarning buzilishiga yo`l qo`ygan mas`ul xodimlarni intizomiy javobgarlikka tortish to`g`risida taqdimnoma kiritilgan. 


 

 

    Boshqa yangiliklar