2023 yilning 9 noyabr kuni BMT rasmiy saytida “BMT ekspertlari: O`zbekiston ozchiliklar huquqlari himoyachilarini ta`qib qilishni to`xtatishi kerak” nomli xabar e`lon qilindi. Unda mustaqil ekspertlar Dauletmurat Tajimuratovning ahvolidan chuqur xavotirda ekanliklari va qamoqxonada unga nisbatan tahdid, haqorat va g`ayriinsoniy munosabatda bo`linayotganini bildirgan.
Ombudsmanning ma`lum qilinishicha, Qoraqalpog`iston Respublikasida yuz bergan holat yuzasidan mustaqil tekshiruv o`tkazish bo`yicha komissiya tuzilgan. Ombudsman, deputatlar, mahalliy va xalqaro nodavlat notijorat tashkilotlaridan iborat Komissiya a`zolari 16 iyuldan Koraqalpog`iston Respublikasida o`zining mustaqil o`rganishlarini boshlagan.
Komissiya a`zolari Xorazm viloyatining Urganch shahridagi 11-son tergov hibsxonasiga ham tashrif buyurib, u erda saqlanayotgan shaxslar sharoitlarini o`rgangan va Dauletmurat Tajimuratov bilan ham uchrashishgan. Uchrashuvda D.Tajimuratov unga nisbatan tergov harakatlari davomida va tergov hibsxonasida hech qanday qiynoq, bosim yoki tazyiqlar bo`lmagani, ovqatlarning sifati va hibsxonadagi boshqa sharoitlar bo`yicha hech qanday e`tirozi yo`qligini bildirgan.
Shuningdek, Tajimuratov advokat bilan ta`minlanganini va advokatining u bilan uchrashishida hech qanday qarshiliklar yo`qligini, oila a`zolari bilan ham qisqa muddatli uchrashuv o`tkazilganligini hamda posilka va yo`qlovlar olayotganini ma`lum qilgan.






