“Kichik va o`rta biznesni moliyaviy qo`llab-quvvatlash tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to`g`risida”gi Prezident Farmoniq abul qilindi
Farmonga ko`ra, “Tadbirkorlikni rivojlantirish kompaniyasi” aksiyadorlik jamiyati shaklida qayta tashkil qilinadi.
Kompaniya tomonidan 2024 yil 1 martdan tadbirkorlarga quyidagi qo`llab-quvvatlash choralari taqdim etiladi:
- o`rta tadbirkorlik sub`ektlarining ishlab chiqarish va xizmatlar ko`rsatish loyihalariga:
- loyiha qiymatining 15 foizi, biroq ustav kapitalining 20 foizi yoki 3 milliard so`mdan ortiq bo`lmagan miqdorda tashabbuskorning ustav kapitaliga ko`chmas mulk ob`ektlari, asbob-uskunalar va boshqa ko`rinishdagi aktivlar shaklida ulush kiritish;
- ko`chmas mulk va asbob-uskunalarning 70 foizi, biroq 10 milliard so`mdan ortiq bo`lmagan miqdorda mulk sotib olish va etti yilgacha muddatga qarzdorlik qoldig`iga Markaziy bankning asosiy stavkasidan 4 foizlik punkt yuqori stavkada yillik foiz hisoblash yoki bo`lib-bo`lib to`lash sharti bilan xizmatlar ipotekasi asosida tashabbuskorga berish;
kichik va o`rta tadbirkorlik sub`ektlarining loyihalariga:
- kredit (lizing) ajratish uchun tijorat banklari, mikromoliya va lizing tashkilotlariga milliy va xorijiy valyutada moliyaviy resurslarni joylashtirish;
- tijorat banklari, mikromoliya va lizing tashkilotlari tomonidan milliy va xorijiy valyutada ajratiladigan kredit, lizing, bank kafolati va akkreditivlarga umumiy qiymati 5 milliard so`mdan oshmagan miqdorda kafillik taqdim etish;
- Kompaniya mablag`laridan foydalanish bo`yicha tijorat banklari bilan tuziladigan vositachilik shartnomalariga asosan belgilangan limit hamda umumiy miqdor va shartlar doirasida kreditlar bo`yicha kafillik (portfel kafilligi) taqdim etish;
2024-2026 yillarda kichik tadbirkorlik sub`ektlariga Markaziy bank asosiy stavkasidan 4 foizlik punkt yuqori va asosiy stavkaning 1,75 baravaridan oshmagan stavkada milliy valyutada 5 milliard so`mgacha ajratiladigan kreditlar bo`yicha asosiy stavkaning 40 foizigacha miqdorda uch yildan ortiq bo`lmagan muddatga kompensasiya taqdim etish.






