Rossiyaning turli shaharlarida ota-onasi qaramog`isiz qolib ketgan 12 nafar bola O`zbekistonga olib kelindi. Bu haqda Ichki ishlar bosh boshqarmasi matbuot xizmatining xabar berdi.
Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori va ichki ishlar vazirining farmoniga asosan, xorijda qarovsiz qolib ketgan bolalarni vatanga qaytarish bo`yicha ishchi guruh tuzilgan.
Ishchi guruh a`zolari Rossiyaning turli shaharlarida bolalar qaerda saqlanayotgani, ularning ahvoli qandayligini aniqlab, kerakli hujjatlarni rasmiylashtirgan. Safar davomida qabul qilib olingan bolalar Sog`liqni saqlash vazirligi xodimlari tomonidan tibbiy ko`rikdan o`tkazilgan va O`zbekistonga qaytarilgan. Ularni qaytarishda O`zbekistonning Rossiyadagi elchixonasi yaqindan yordam bergan.
Ichki ishlar vazirligi mas`ul xodimining aytishicha, olib kelingan bolalar orasida bir yoshga to`lmagan go`daklar ham, 14,16,17 yoshli bolalar ham bor. Bolalar Toshkent IIBBning Voyaga etmaganlarga ijtimoiy-huquqiy yordam ko`rsatish markazi va mehribonlik uylariga joylashtirilgan. Ular uchun malakali psixologlar biriktirilib, bolalarning yaqinlarini topish ishlari boshlab yuborilgan.






