AsosiyJamiyat

Prezident sog`liqni saqlash sohasi xodimlariga tabrik yo`lladi

'Prezident sog`liqni saqlash sohasi xodimlariga tabrik yo`lladi'ning rasmi

Prezident sog`liqni saqlash sohasi xodimlariga tabrik yo`lladi. 

Hurmatli tibbiyot xodimlari!

Avvalo, o`z hayotini el-yurt salomatligini asrashdek olijanob ishga bag`ishlab kelayotgan siz, azizlarni qutlug` kasb bayramingiz – Tibbiyot xodimlari kuni bilan samimiy muborakbod etaman.

Biz Yangi O`zbekistonda inson qadri va manfaatlarini ta`minlashni o`z oldimizga ezgu maqsad qilib qo`ygan ekanmiz, bu yo`lda xalqimiz salomatligini mustahkamlash eng muhim vazifalarimizdan biri bo`lishi tabiiydir.

Ayni shu maqsadda keyingi yillarda O`zbekiston sog`liqni saqlash tizimi tubdan isloh qilinmoqda. Sohaning moddiy-texnik bazasi, kadrlar salohiyati mustahkamlanmoqda. Tizimga ilg`or davolash va diagnostika usullari, innovasion texnologiyalar keng tatbiq etilmoqda.

Ana shunday sa`y-harakatlarimiz tufayli birlamchi va malakali tibbiy xizmatlar aholining keng qatlamlariga kirib bormoqda. Buning tasdig`ini shu yilning o`zida joylarda 22 ta oilaviy poliklinika, 93 ta oilaviy shifokorlik punkti va 394 ta mahalla tibbiyot punkti tashkil etilib, birlamchi tibbiy xizmatlar 2 million 100 ming nafardan ziyod aholiga yaqinlashtirilgani misolida yaqqol ko`rish mumkin.

Bu haqda so`z yuritganda, 8 million 600 ming nafar aholi profilaktik tibbiy ko`rikdan o`tkazilib, ularning 685 ming nafari ambulator, 72 ming nafari esa stasionar sharoitda sog`lomlashtirilgani, skrining tekshiruvlari orqali 167 ming nafar yurtdoshimizda yurak-qon tomir, 52 ming nafarida qandli diabet kasalligi aniqlanib, ularning salomatligini tiklash choralari ko`rilganini ta`kidlash lozim.

Ayniqsa, tug`ma yurak nuqsoni bo`lgan 2 ming nafar bolaning davlat hisobidan operasiya qilingani yosh avlodga mehr va g`amxo`rlik ko`rsatishning yana bir yorqin namunasi bo`ldi.

Sohaga davlat tibbiy sug`urtasi va raqamlashtirish mexanizmlari bilan birga xususiy tibbiyot muassasalari faoliyati ham keng joriy etilmoqda. Shifoxonalarni zamonaviy transport va tibbiy jihozlar bilan ta`minlash darajasi keskin yaxshilanmoqda.

Aynan ana shunday o`zgarishlar, jonkuyar shifokorlar, yuqori malakali tibbiyot mutaxassislari, hamshiralarning mashaqqatli mehnati tufayli yuqori texnologik jarrohlik operasiyalari nafaqat poytaxtimiz va viloyatlar markazlarida, balki tumanlarda ham muvaffaqiyatli o`tkazilmoqda va minglab bemorlar o`z dardiga shifo topmoqda.  

Soha xodimlari mehnatini rag`batlantirish, ish haqini oshirish doimo e`tiborimiz markazida bo`lib kelmoqda. So`nggi 7 yilda ushbu tizimda samarali xizmat qilib kelayotgan yurtdoshlarimizdan 727 nafari Vatanimizning faxriy unvon, orden va medallari bilan taqdirlandi.

Bugungi bayram munosabati bilan ularning safiga yana ko`plab tibbiyot xodimlari qo`shilganini alohida qayd etmoqchiman. Fursatdan foydalanib, ushbu fidoyi yurtdoshlarimizni yuksak mukofotlar bilan tabriklab, barchasiga o`zimning chuqur hurmatim va ezgu tilaklarimni bildiraman.

Aziz do`stlar!

Biz “O`zbekiston – 2030” strategiyasi doirasida tibbiyot sohasida ham ulkan o`zgarishlarni amalga oshirishni reja qilganmiz. Jumladan, aholining o`rtacha umr ko`rish davomiyligini 78 yoshga etkazish, buning uchun tibbiyotga yo`naltiriladigan mablag`lar hajmini 2 barobar oshirish, onkologiya, yurak-qon tomir, diabet va nafas yo`llari kasalliklari bo`yicha erta o`limni 2,5 barobar kamaytirish, O`zbekistonni sil xastaligidan xoli mamlakatga aylantirish ustuvor vazifamiz bo`ladi.

Shuningdek, 350 ming nafar diabet va 1 million 500 ming nafar yurak-qon tomir kasalligi bilan og`rigan bemorlarni davolash, tibbiy yordamga muhtoj aholining 70 foiz murojaatlarini birlamchi bo`g`inning o`zida hal etish, bemorlarni gemodializ o`rinlari bilan to`liq qamrab olish bo`yicha ham amaliy ishlarni boshlaymiz.

Aholi o`rtasida mustahkam salomatlik garovi bo`lgan sog`lom turmush tarzini shakllantirish, jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirishga ham alohida e`tibor qaratiladi.

Qadrli tibbiyot xodimlari!

Barchamiz birgalikda harakat qilib, tibbiyot sohasini chinakam xalqchil tizimga aylantirish bo`yicha oldimizda turgan ulkan vazifalarni albatta muvaffaqiyatli ado etamiz.

O`z qasamyodiga, kasbi va burchiga sadoqat bilan mehnat qilayotgan, Abu Ali ibn Sinodek buyuk ajdodlarimiz an`analarining davomchilari bo`lgan  siz, azizlar bundan buyon ham shu ezgu yo`lda bor bilim va tajribangizni safarbar etasiz, deb ishonaman.

Sizlarni Tibbiyot xodimlari kuni bilan yana bir bor chin dildan tabriklab, g`oyat sharafli va mas`uliyatli faoliyatingizda sihat-salomatlik, yutuq va omadlar, oilaviy baxt-saodat tilayman.

 

Shavkat Mirziyoev,

O`zbekiston Respublikasi Prezidenti

    Boshqa yangiliklar