Investisiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Qudratov Turkiyaning Albayrak Holding kompaniyasi koordinatori Erdal Nalbant bilan uchrashuv o`tkazdi. Bu haqda ISSV matbuot xizmati xabar berdi.
Ma`lum qilinishicha, tomonlar raqamlashtirish, infratuzilma ob`ektlarini qurish va mashinasozlik sohalarida yangi loyihalarni amalga oshirishni nazarda tutgan holda ikki tomonlama munosabatlarni faollashtirish va hamkorlikni yanada rivojlantirish istiqbollarini ko`rib chiqqan.
Uchrashuvda Turkiya investisiyaviy va sanoat doiralari uchun Markaziy Osiyo mintaqasida sarmoya kiritishning qulay yo`nalishini tanlash va o`zaro manfaatli loyihalarni amalga oshirishda o`ziga xos mayoq bo`lgan kompaniyaning mamlakatimizdagi muvaffaqiyatli faoliyati ta`kidlangan.
Xususan, O`zbekiston shaharlarida “Yo`l harakati qoidabuzarliklarini aniqlashning avtomatlashtirilgan foto va video qurilmalarini o`rnatish” loyihasi doirasida amalga oshirilayotgan ishlarning borishi ko`rib chiqilgan. Tomonlar tizimni o`z vaqtida ishga tushirish bo`yicha samarali choralar ko`rish zarurligini qayd etgan.
Ma`dumot uchun, Albayrak Holding 1952 yilda tashkil topgan. Uning tarkibiga 127 ta kompaniya kiradi va xodimlar soni 15 ming kishidan oshadi. Xolding qishloq xo`jaligi, chiqindilarni qayta ishlash, qog`oz mahsulotlarini ishlab chiqarish, transport va logistika, mashinasozlik, infratuzilmaviy rivojlanish va boshqa sohalarda loyihalarni amalga oshiradi.






