Ijtimoiy tarmoqlarda "Metroda yana nosozlik" sarlavhasi bilan videolar tarqaldi. Unda yozilishicha soat 9 lar atrofida Toshkent metropolitenining Navoiy bekatida poezd to`xtab qolgan. “Toshkent metropoliteni” DUK holat yuzasidan rasmiy bayonot berdi.
Ma`lum qilinishicha, bugun, 13 noyabr kuni soat taxminan 09:15 lar atrofida O`zbekiston yo`nalishining Alisher Navoiy bekatidan harakatlanishni boshlagan 40-sonli harakat tarkibida texnik nosozlik holati kuzatilgan va buning natijasida ushbu harakat tarkibi tonnelning kirish qismida 15 daqiqa vaqt davomida to`xtatilgan.
Yo`lovchilarga noqulaylik hosil qilmaslik va yo`nalishda belgilangan harakat jadvali buzilmasligini oldini olish maqsadida, ortidagi 39-sonli harakat tarkibi orqali tirkamaga olinib, harakat tarkibi tekshiruv yo`lagiga olib borilgan.
Hozirgi vaqtda yo`nalishdagi barcha poezdlar belgilangan jadval asosida harakatlanmoqda.