AsosiyJamiyat

Toshkentda Milliy gvardiya xodimi fuqaro bilan janjallashdi (video)

'Toshkentda Milliy gvardiya xodimi fuqaro bilan janjallashdi (video)'ning rasmi

Ijtimoiy tarmoqlarda Sergeli tumanida Milliy gvardiya xodimi va fuqaro o`rtasidagi janjal aks etgan video tarqaldi.

Mazkur holat yuzasidan Milliy gvardiya Toshkent shahri bo`yicha boshqarmasi Matbuot xizmati rasmiy munosabat bildirdi.

Ma`lum qilinishicha, joriy yilning 12 noyabr kuni "Sergeli" dehqon bozorida bir fuqaro qo`lidagi plastik suv idishi va qog`ozlarni erga (belgilanmagan joyga) tashlagan. Natijada ushbu hududdagi jamoat tartibini saqlash uchun jalb qilingan Milliy gvardiya xodimi fuqaroni to`xtatib, o`zini tanishtirib, u tashlagan chiqindilarni yig`ishtirib olishini va belgilanmagan joyga chiqindi tashlaganligi uchun ma`muriy jazo borligi haqida ogohlantirgan. Biroq ushbu fuqaro atrof-muhitni iflos qilganligi uchun o`zini zarracha ham aybdor his qilmasdan, aksincha xizmat vazifasini bajarayotgan xodimga nisbatan qo`pol muomalada bo`lgan.

Qolaversa, fuqaro “qo`lingdan nima keladi” deb, turli so`zlar bilan haqorat qilib, xodimga nisbatan faol jismoniy qarshilik ko`rsatgan.

Shundan so`ng, Milliy gvardiya xodimi o`zini himoya qilish va huquqbuzarlikni bartaraf etish maqsadida kuch ishlatishga majbur bo`lgan.

Shu vaqtda huquqbuzarlik sodir etgan shaxs javobgarlikdan qochish maqsadida hodisa joyidan ketib qolgan.

“Hozirda mazkur holat yuzasidan noma`lum shaxs tomonidan sodir etilgan MJtKning 91-1-moddasi (belgilanmagan joylarga qattiq maishiy chiqindilarni va qurilish chiqindilarini tashlash, shuningdek suyuq maishiy chiqindilarni to`kish), 194-1-moddasi (Milliy gvardiya harbiy xizmatchisining (xodimining) qonuniy talablarini bajarmaslik) va 195-1-moddasi (Milliy gvardiya harbiy xizmatchilarining (xodimlarining) o`z xizmat burchlarini bajarishlariga qarshilik ko`rsatish)da nazarda tutilgan ma`muriy huquqbuzarliklari uchun qonuniy chora ko`rish va uni qidirib topish choralari ko`rilmoqda”, deyiladi xabarda.

    Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzatib boring

    Boshqa yangiliklar