Przidentning “Mening birinchi uyim” dasturini amalga oshirish chora-tadbirlari to`g`risida qaror loyihasi keng jamoatchilik muhokamasiga qo`yildi.
Qaror loyihasiga ko`ra, uylar qurilishi dastlab Zangiota tumanidagi Turkiston mahallasi hududida boshlanadi.
Davlat rahbari mazkur yangi ipoteka dasturi haqida 2022 yil 20 dekabrdagi Oliy Majlisga murojaatnomasida ma`lum qilgan va Dastur doirasida birinchi navbatda turar-joyga ehtiyoji bor hamda yosh oilalar uchun eng qulay shartlar asosida uy-joylar qurilishini aytgan edi.
Jamoatchilik muhokamasi uchun e`lon qilingan hujjat loyihasiga ko`ra, qurilish ishlarini muvofiqlashtirish uchun Qurilish va uy-joy kommunal xo`jaligi vazirligi huzurida davlat muassasasi shaklidagi “Mening birinchi uyim” dasturini amalga oshirish direksiyasi tashkil etiladi.
Qayd etilishicha, Dasturning amalga oshirilishida Turkiya Respublikasi davlat uy-joy boshqarmasi (TOKI) bilan hamkorlik qilinadi. TOKI Turkiyada kam va o`rta daromadli oilalar uchun ijtimoiy uylar qurish bo`yicha katta tajribaga ega.
Bundan tashqari, Dastur doirasida, ko`p kvartirali uy-joylar, yo`l-transport, muhandislik-kommunikasiya hamda ijtimoiy infratuzilma ob`ektlarini samarali joylashtirish, loyihalashtirish hamda qurish ishlarini tashkil etish Direksiya tomonidan amalga oshiriladi.
Ko`p kvartirali uy-joylar, yo`l-transport, muhandislik-kommunikasiya hamda ijtimoiy infratuzilma ob`ektlarini loyihalashtirish va qurish ishlarini amalga oshiradigan tadbirkorlik sub`ektlari tender savdolari asosida aniqlanadi.
Dastur doirasida quriladigan uy-joylar aholiga imtiyozli va bozor shartlarda realizasiya qilinadi.
Imtiyozli uy-joylar oxirgi 5 yil davomida mulk huquqi asosida uy-joyga ega bo`lmagan oilalarga, 15 foiz miqdorda boshlang`ich to`lov asosida 20 yil muddatga bo`lib-bo`lib to`lash shartlarida realizasiya qilinadi.
Uy-joy sharoitlarini yaxshilashga muhtoj bo`lgan shaxslarga imtiyozli uy-joylar bo`yicha boshlang`ich to`lovining bir qismini qoplash uchun – qat`iy belgilangan 32 million so`m miqdorida, oylik to`lovlarining bir qismini qoplash uchun – besh yil davomida har oylik qat`iy belgilangan 1 million so`m miqdorida Davlat byudjeti hisobidan subsidiyalar beriladi.






