Ijtimoiy tarmoqlarda Buxoroda itlarga nisbatan shafqatsiz munosabatda bo`lganlik holati aks etgan videolavha tarqaldi. Viloyat IIB axborot xizmati rahbarining ma`lum qilishicha, video "SHAXRIYOR" nomli profil egasi tomonidan tarqatilgan va u 2010 yilda Buxoro viloyati Shofirkon tumanida tug`ilgan, 8-sinf o`quvchisi Sh.Sh. ekani ma`lum bo`lgan.
Sh.Sh. bilan uning otasi ishtirokida o`tkazilgan surishtiruv davomida, videoda tasvirlangan holat 2023 yilning 22 oktyabr kuni sodir bo`lgani, qo`shnisi o`zining molxonasidagi tovuqlarni eyish uchun kirgan videoda ko`rsatilgan qarovsiz itlarni ushlab, yog`och bilan urib o`ldirganligi va sim bilan ularni daraxtga osib qo`yganligi ayon bo`ldi. Sh.Sh. esa o`sha vaqtda holatni videotasvirga olib, o`zining "Instagram" tarmog`iga joylashtirib yuborgan.
Mazkur holat yuzasidan voyaga etmagan Sh.Sh.ning otasiga nisbatan MJtKning 47-moddasi bilan ma`muriy bayonnoma rasmiylashtirildi.
Itlarga nisbatan shafqatsiz munosabatda bo`lgan, 1981 yilda Buxoro viloyati Shofirkon tumanida tug`ilgan, yakka tartibda mehnat faoliyati bilan shug`ullanuvchi S.J. ga nisbatan MJtKning 111-moddasi bilan ma`muriy ish hujjatlari qonuniy qaror qabul qilish uchun Jinoyat ishlari bo`yicha Shofirkon tuman sudiga yuborilgan.






