BMT Konvensiyasi (CRISC-21) ijrosini ko`rib chiqish qo`mitasining 21-sessiyasi doirasida Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o`zgarishi Aziz Abduhakimov Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti (IHT) Bosh kotibi o`rinbosari Husayn Avni Bichakli bilan uchrashdi.
Uchrashuv avvalida H.Bichakli O`zbekiston hukumatiga joriy yilning 8-9 noyabr kunlari Toshkentda bo`lib o`tgan Iqtisodiy hamkorlik tashkilotining 16-sammiti muvaffaqiyatli o`tkazilgani uchun minnatdorlik bildirdi. Shuningdek, u oxirgi 5 yil ichida O`zbekistonning faol rolini alohida qayd etdi.
Uchrashuv davomida ilmiy-tadqiqot faoliyati sohasidagi hamkorlik masalalari, xususan, Markaziy Osiyo atrof-muhit va iqlim o`zgarishini o`rganish universiteti (Green University) negizida IHT davlatlarining ekologiya sohasidagi ilmiy hamjamiyatlari o`rtasida yaqin aloqalarni o`rnatish masalalariga e`tibor qaratildi.
Shu bilan birga, tomonlar “Green University” va IHT davlatlarining Boku shahridagi (Ozarbayjon) Toza energiya markazi bilan hamkorlikda Markaziy Osiyo mintaqasida barqaror energiya va atrof-muhit tamoyillarini amalga oshirish imkoniyatlarini muhokama qildilar.
IHT Bosh kotibi o`rinbosari O`zbekiston bilan IHT mamlakatlari o`rtasidagi barcha sohalardagi hamkorlik rivojlanib borayotganligini qayd etdi. Shu bilan birga, O`zbekistonning iqlim o`zgarishiga qarshi kurash va atrof-muhitni muhofaza qilishda IHTga a`zo davlatlar o`rtasidagi hamkorlikni kuchaytirish zarurligi haqidagi tashabbusi hamda 2024 yilda bo`lib o`tadigan Samarqand iqlim forumi doirasida O`zbekiston tashabbusi bilan tashkil etilgan IHTning Atrof-muhit masalalari bo`yicha yuqori darajali platformasining birinchi konferensiyani o`tkazish taklifi ma`qullandi.
Bundan tashqari, Husayn Avni Bichakli tashkilot O`zbekiston rahbari tomonidan IHT 16-sammitida ilgari surilgan CRIC-21 doirasida qum va chang bo`ronlariga qarshi kurashish bo`yicha Samarqand deklarasiyasini ishlab chiqish tashabbusini qo`llab-quvvatlashga tayyor ekanligini ta`kidladi.
Uchrashuv yakunida IHT Bosh kotibining Samarqand iqlim forumida ishtirok etishi va IHT davlatlarining yuqori darajadagi vakillari ishtiroki masalasini birgalikda ishlab chiqish bo`yicha kelishuvga erishildi.






