AsosiyJamiyat

O`zbekistonda sanitariya va gigiena qoidalarini buzganlik uchun jarima jazosi kuchaytirilmoqda

'O`zbekistonda sanitariya va gigiena qoidalarini buzganlik uchun jarima jazosi kuchaytirilmoqda'ning rasmi

Prezident tomonidan imzolangan Qonun (O`RQ–878-son, 15.11.2023 y.) bilan ayrim qonun hujjatlariga o`zgartirish va qo`shimchalar kiritildi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar qilmoqda.

Ma`muriy javobgarlik to`g`risidagi kodeksga kiritilgan  o`zgartirishga ko`ra, sanitariya qonunchilikni, sanitariya normalarini, qoidalarini va gigiena normativlarini buzish:

- fuqarolarga BHMning 5 baravaridan 10 baravarigacha (ilgari BHMning 1 baravaridan 3 baravarigacha edi);

- mansabdor shaxslarga 15 baravaridan 20 baravarigacha (ilgari 5 baravaridan 10 baravarigacha edi) miqdorda jarima solishga sabab bo`ladi.

“Lisenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari to`g`risida”gi Qonunga kiritilgan qo`shimcha va o`zgartirishlarga muvofiq:

➖qonunchilikda nazarda tutilgan faoliyat turlari uchun 1 yil muddatga lisenziyani olish yoki sudning qaroriga (hukmiga) asosan shaxsga nisbatan muayyan faoliyat turi bilan shug`ullanish taqiqlanganligi lisenziyani yoki ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatni berish to`g`risidagi arizani rad etish uchun asos bo`ladi.

Shuningdek, lisenziya yoki ruxsat etish xususiyatiga ega hujjat quyidagi hollarda ham bekor qilinishi belgilandi:

➖lisenziat yoki ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatni olgan shaxs tomonidan lisenziya yoki ruxsat berish talablari va shartlari muntazam ravishda (1 yil davomida ikki va undan ortiq marta) buzilganda;

➖lisenziya yoki ruxsat berish talablari va shartlari 1 marotaba qo`pol ravishda buzilganda, agar mazkur qoidabuzarlik fuqarolarning hayoti va sog`lig`iga ziyon, jismoniy va yuridik shaxslarning huquqlari va qonuniy manfaatlariga, jamoat xavfsizligiga zarar hamda atrof-muhitga ziyon etkazilishiga, jamiyat va davlat manfaatlariga zarar etkazilishiga, tinchlik va xavfsizlikka tahdid solinishiga olib kelgan bo`lsa.

Ushbu hollarda qonunchilikda belgilangan faoliyat turlari uchun 1 yil davomida qaytadan lisenziya berilmaydi. Mazkur talab tadbirkorlik sub`ektining muassisi yoki benefisiar mulkdori tomonidan tashkil etiladigan yangi tadbirkorlik sub`ektlariga nisbatan ham tatbiq etiladi.

Qonunga ko`ra, Investisiyalar, sanoat va savdo vazirligi quyidagi faoliyat turlari bo`yicha lisenziyalash va xabardor qilish tartib-taomillari sohasidagi vakolatli organ etib belgilandi:

- alkogol mahsulotlarining ulgurji savdosi;

- pivo va pivo ichimliklarini ishlab chiqarish va ulgurji savdo qilish faoliyati.

Tamaki mahsulotlari bilan ulgurji savdo qilish Investisiyalar, sanoat va savdo vazirligini xabardor qilish tartibida amalga oshiriladi.

Tamaki mahsulotlari bilan chakana savdo qilish esa joylardagi tuman (shahar) soliq inspeksiyalarini xabardor qilish tartibida amalga oshiriladi.

Qonun rasmiy e`lon qilingan kundan e`tiboran 3 oy o`tgach kuchga kiradi.


 

    Boshqa yangiliklar