AsosiyJamiyat

Prezident Sariosiyodagi mahallaga tashrif buyurib, aholi bilan suhbatlashdi

'Prezident Sariosiyodagi mahallaga tashrif buyurib, aholi bilan suhbatlashdi'ning rasmi

Prezident Shavkat Mirziyoev Surxondaryo viloyatiga tashrifi davomida Sariosiyo tumanidagi Sebzor mahallasida bo`ldi.

Bu erda 7 ming 600 nafardan ortiq aholi istiqomat qiladi. To`rtta korxona, yigirmadan ortiq savdo va xizmat ko`rsatish ob`ektlarida shu erlik yoshlar doimiy ish bilan band. Mahalla ahli asosan bog`dorchilik, chorvachilik va sabzavotchilik bilan shug`ullanadi. O`ttizdan ortiq dehqon va fermer xo`jaliklari faoliyat yuritmoqda.

Davlat rahbari “Barakatullo Davr Baraka” fermer xo`jaligi bog`ida bo`lib, poliz ekinlari rivoji ko`zdan kechirdi. Bu erda 6 gektar olma, 1,3 gektarda xurmodan mo`l hosil olinmoqda. Daraxtlar qatori oralariga ertaki ekinlar, jumladan, oq boshli karam, piyoz, sarimsoqpiyoz etishtirilgan.

Ma`lumki, Surxondaryoning iqlimi erta hosil olish imkonini beradi. Lekin qishloq xo`jaligida ilmiy yondashuv etishmayotgani ko`rsatib o`tildi. Shuning uchun viloyatda in-vitro laboratoriyalari tashkil etib, urug`chilikni yaxshilash, umuman, Surxondaryo qishloq xo`jaligini eksportga ixtisoslashtirish zarurligi ta`kidlandi.

Bog`, tog` yonbag`ri va dala chetlarini xatlovdan o`tkazib, ekinlar uchun qo`shimcha imkoniyatlarni o`rganish, olimlarni jalb etib, mahsulotlar hosildorligi va sifatini oshirish, qayta ishlashni rivojlantirish bo`yicha topshiriqlar berildi.

Mahallada ijtimoiy masalalar ham manzilli hal etilmoqda. Yo`llar ta`mirlangan. Kuz-qish mavsumi oldidan transformatorlar yangilandi, qo`shimcha simyog`ochlar o`rnatildi. Maktab va maktabgacha ta`lim muassasasida zarur sharoitlar yaratilgan.

Yaqinda mahalla hududida kichik tibbiyot punkti tashkil etildi. Prezidentimiz undagi sharoitlarni ko`zdan kechirdi.

Asosan profilaktik ko`rik va patronaj xizmati bilan shug`ullanadigan ushbu muassasada bir nafardan shifokor va doya, ikki nafar hamshira faoliyat olib boradi.

Mahalladagi 2 ming nafarga yaqin tibbiyotga muhtoj aholi ilgari 27 kilometr masofadagi shifoxonaga borar edi. Endi ularning uzog`i yaqin bo`ldi. Bu erda bolalarni emlash, surunkali bemorlarni sog`lomlashtirish va ularning nazoratini olib borish yo`lga qo`yilgan.

Davlatimiz rahbari shu erda tibbiyot xodimlari va mutasaddilari bilan suhbatlashdi.

- Meni eng ko`p o`ylantiradigan masalalardan biri - xalqimizning sog`lig`i. Shuning uchun shifoxonalar qurishga, ijtimoiy dorilar ta`minotiga, tez tibbiy yordamga katta mablag` ajratayapmiz. Tibbiyot xodimlarining oylik maoshlari ham oshirildi. Endi muhimi - aholini kasallik bo`yicha xavf guruhiga ajratgan holda, manzilli davolash va sog`lig`ini nazorat qilish, - dedi Shavkat Mirziyoev.

Masalan, bir hudud aholisining 30 foizi kasal yoki kasallikka moyil bo`ladi. Mahalladagi tibbiyot xodimlari ularga alohida e`tibor qaratib, ahvolini kuzatib borishi kerak. Shu bilan birga, to`g`ri ovqatlanish, ko`proq piyoda yurishning foydasini keng tushuntirish, mahallalarda fitobarlar tashkil etish muhimligi ta`kidlandi.

    Boshqa yangiliklar