AsosiyJamiyat

Toshkentda haydovchilar yo`l talashib mushtlashdi

'Toshkentda haydovchilar yo`l talashib mushtlashdi'ning rasmi

Toshkent shahri Mirobod tumani hokimligi ijtimoiy tarmoqlarda haydovchilar bir-biriga yo`l bermagani oqibatida mushtlashuv yuz bergani tasvirlangan video yuzasidan munosabat bildirdi.

Tarqalgan videolavhada avvaliga fuqarolar gap talashgani, keyin mushtlashuv boshlangani, bir muddat o`tib, mojaroga yana bir necha kishilar qo`shilganini ko`rish mumkin.

Tuman IIO FMB 4-sonli IIB navbatchilik qismiga kelib tushgan xabarga ko`ra, hodisa 12 noyabr kuni sodir bo`lgan.

20 yoshli X.V. tanishlari — 23 yoshli M.B. va 18 yoshli M.A. bilan Spark avtomobilida Munis ko`chasi bo`ylab harakatlanib ketayotgan bo`lgan. Qo`yliq-5 dahasida Nexia-3 haydovchisi 34 yoshli A.B. bilan bir-biriga yo`l bermay, kelishmovchilik yuzaga kelgan.

So`ng Spark`dagi yo`lovchilar — M.B va M.A. hamda Nexia-3 haydovchisi A.B va uning sherigi 21 yoshli Yu.M. gap talashib, janjallashgan. Janjal Spark haydovchisi — X.V. tomonidan videoga olinib, tarmoqlarga joylangan, deyiladi xabarda.

Hodisa oqibatida Spark yo`lovchilaridan biri — M.B. Toshkent davlat stomatologiya klinikasiga murojaat qilgan. Fuqaroga yuqori lab sohasi ezilishi va yirtilishi, shuningdek, chap yonoq sohasi shilinishi tashxisi qo`yilgan.

Hokimlikka ko`ra, janjalda ishtirok etgan boshqa fuqarolar tan jarohati olmagan.

Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 277-moddasi 2-qismi (Bezorilik) bilan jinoyat ishi qo`zg`atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Bu jinoyat uchun 300 soatdan 360 soatgacha majburiy jamoat ishlari yoki 1 yildan 3 yilgacha ozodlikni cheklash yoxud 3 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi belgilangan.

    Boshqa yangiliklar