"2024 yilda Namangan viloyatining Chust tumanini Xitoy tajribasi asosida, shu jumladan yangi yondashuvlar, innovasion va “yashil texnologiyalar” hamda boshqaruvda zamonaviy usullarini qo`llagan holda kambag`allikdan chiqarish to`g`risida"gi hukumat qarori loyihasi e`lon qilindi.
Quyidagilar Chust tumanini 2024 yilda rivojlantirish, kambag`allikdan xoli hududga aylantirishning asosiy yo`nalishlari etib belgilanadi:
- sektor rahbarlarining faoliyati samaradorligi ko`rsatkichlarini hududdagi ehtiyojmand aholini individual dasturlar orqali kambag`allikdan chiqarish natijalari asosida baholash;
- hududlarda tadbirkorlikni rivojlantirish, jumladan Xitoy tajribasi asosida tadbirkorlik sub`ektlarini innovasion faoliyatga keng jalb etish, kambag`al aholini arzon va uzluksiz energiya bilan ta`minlashda innovasion hamda yashil texnologiyalarni joriy etish;
- mahallalarda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash, xorijiy investisiyalarni jalb qilish va tadbirkorlikni qo`llab-quvvatlash, jumladan o`z faoliyatiga innovasion echimlarni tatbiq etgan tadbirkorlik sub`ektlarini rag`batlantirish orqali aholi bandligini ta`minlash hamda ishsizlikdan xoli hududga aylantirish;
- mahallalar “drayveri”dan kelib chiqqan holda ixtisoslashgan kichik sanoat zonalarini tashkil etish;
- bo`sh turgan davlat ko`chmas mulk ob`ektlari hamda mavjud tabiiy resurs va zaxiralardan samarali foydalanishni yo`lga qo`yish orqali ishlab chiqarish va xizmat ko`rsatish sohalarini rivojlantirish;
- mahallalar ixtisoslashuvini hisobga olgan holda sanoat, hunarmandchilik, kasanachilik va chorvachilik yo`nalishlarida mikromarkazlarni tashkil etish;
- er va suv resurslaridan samarali foydalanish orqali yangi ish o`rinlari yaratish hamda Xitoy tajribasi asosida qishloq xo`jaligi mahsulotlari etishtirishni ko`paytirish;
- mavjud sug`oriladigan erlarni unumdorligini oshirish, suv tejashning ilg`or texnologiyalarni joriy qilish;
- infratuzilmaviy shart-sharoitlarni yaratib berish orqali ishlab chiqarishni kengaytirish hamda savdo va xizmat ko`rsatish sohalarini rivojlantirish;
- tuman hududidan o`tuvchi xalqaro va davlat avtomobil yo`li bo`ylarida xizmat ko`rsatish ob`ektlarini hamda turizmni rivojlantirish, shuningdek, yangi ish o`rinlari yaratish.
Namangan viloyati hokimligi tegishli vazirlik va idoralar bilan birgalikda Chust tumani Rezaksoy mahallasida joylashgan Rezaksoy suv ombori hududida “Rezaksoy turizm zonasi” tashkil etish yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritadi.
Tog`-kon sanoati va geologiya vazirligi, Chust tuman hokimligi bilan birgalikda Chust tumanida qurilish materiallarini ishlab chiqarishni rivojlantirish, tog`li hududlarida aniqlanmagan yangi konlar, mineral xomashyo resurslarini o`rganish hamda foydali qazilma konlarini aniqlash va geologik qidiruv ishlarini amalga oshirish uchun Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritadi.






