AsosiyJamiyat

Prezident “Navoiy kon-metallurgiya kombinati” AJ va “Navoiyuran” davlat korxonasi jamoalariga tabrik yo`lladi

'Prezident “Navoiy kon-metallurgiya kombinati” AJ va “Navoiyuran” davlat korxonasi jamoalariga tabrik yo`lladi'ning rasmi

Prezident Shavkat Mirziyoev “Navoiy kon-metallurgiya kombinati” AJ va “Navoiyuran” davlat korxonasi jamoalariga tabrik yo`lladi: 

Qadrli vatandoshlar!

Siz, azizlarni Navoiy kon-metallurgiya kombinati tashkil etilgani va yurtimizda uran sanoatiga asos solinganining 65 yilligi bilan chin qalbimdan samimiy tabriklayman.

Sizlarning fidokorona mehnatingiz bilan bepoyon Qizilqum bag`ridan qazib olinayotgan, dunyo miqyosida yuksak e`tirof etilayotgan oltin, tabiiy uran va boshqa nodir qazilma boyliklar mamlakatimiz iqtisodiy taraqqiyotini ta`minlashda beqiyos strategik ahamiyatga ega ekani barchamizga yaxshi ma`lum.

Shu ma`noda, 40 dan ortiq millatga mansub qariyb 50 ming nafar yuqori malakali ishchi, muhandis va mutaxassislar mehnat qilayotgan mazkur kombinat va 3 yil oldin uning tarkibidan ajralib chiqqan “Navoiyuran” korxonasi milliy sanoatimiz faxri, desak, ayni haqiqatni aytgan bo`lamiz.

Keyingi yillarda soha rivojiga qaratilayotgan ulkan e`tibor hamda ishlab chiqarishga zamonaviy texnologiyalar jadal joriy etilayotgani tufayli kombinat oltin ishlab chiqarish bo`yicha etakchi xorijiy kompaniyalar orasida 7-o`rindan 4-o`ringa ko`tarildi. “Muruntov” koni esa xalqaro reytinglarda yuqori pog`onalarni egallab kelmoqda.

Qisqa muddatda kombinatda 23 ta yirik investisiya loyihasi, jumladan, 5, 6 va 7-gidrometallurgiya zavodlari, 2-gidrometallurgiya zavodining ikkinchi navbati ishga tushirilib, 15 mingdan ortiq yangi ish o`rni yaratilgani diqqatga sazovordir. Ana shunday sa`y-harakatlar natijasida bu yil oltin ishlab chiqarish hajmi 2016 yilga nisbatan 25 foiz, tabiiy uran 20 foiz, kumush esa 46 foizga oshganini alohida ta`kidlash lozim.

Bugungi kunda O`zbekiston uran qazib olish bo`yicha dunyoda 5-o`rinni egallab turibdi. “Navoiyuran” davlat korxonasi o`z mahsulotini yuz foiz eksportga yo`naltirmoqda.

Mahalliylashtirish dasturi doirasida yangi quvvatlar uchun zarur asbob-uskuna va jihozlar hududning o`zida ishlab chiqarilmoqda. Birgina Navoiy mashinasozlik zavodida yiliga o`rtacha 15 ming turdan ziyod import o`rnini bosadigan mahsulotlar tayyorlanayotgani buni tasdiqlaydi.

Soha uchun malakali muhandis kadrlar etkazib berish maqsadida Navoiy davlat konchilik va texnologiyalar universitetining moddiy-texnika bazasi va ilmiy-pedagogik salohiyati mustahkamlanmoqda. Murakkab texnologik jarayonlarni asosan ana shunday oliygohlarimizda ta`lim olgan azmu shijoatli yoshlarimiz boshqarayotgani barchamizni quvontiradi.

Ishchi va xizmatchilar mehnatini rag`batlantirish, ularning mehnat va dam olish sharoitlarini yaxshilash doimo e`tiborimiz markazida bo`lib kelmoqda. Ko`plab konchilarimiz Vatanimizning yuksak mukofotlari bilan taqdirlanmoqda. Bugungi bayram munosabati bilan yana bir guruh soha vakillari faxriy unvon, orden va medallarga sazovor bo`ldilar. Ularni ana shunday yuksak mukofotlar bilan chin dildan tabriklab, kelgusi faoliyatlarida muvaffaqiyatlar tilayman.

Hurmatli do`stlar!

Biz “O`zbekiston–2030” strategiyasi doirasida ushbu sohada ham ko`plab ishlarni amalga oshirishni reja qilganmiz. “Oqtov” konini o`zlashtirish, ko`plab yangi investisiya loyihalarini amalga oshirish hamda uran qazib olish va qayta ishlash hajmini uch barobar ko`paytirish shular jumlasidandir.

O`z hayotini shunday muhim sohaga bag`ishlagan siz, azizlar jamoalaringizdagi shonli mehnat an`analarini munosib davom ettirish, mamlakatimiz kon sanoati shuhratini yanada oshirish uchun bundan buyon ham katta kuch-g`ayrat bilan mehnat qilasizlar, deb ishonaman.

Sizlarni bugungi qutlug` ayyom bilan yana bir bor tabriklab, barchangizga mustahkam sog`lik, oilaviy baxt, olijanob faoliyatingizda ulkan zafarlar tilayman.

 

Shavkat Mirziyoev,

O`zbekiston Respublikasi Prezidenti

    Boshqa yangiliklar