Meva-sabzavotni qayta ishlash quvvati Angor, Boysun, Uzun, Sho`rchi, Qiziriq va Termiz tumanlarida 5 foizga ham etmasligi ko`rsatib o`tildi.
Shu munosabat bilan mutasaddilarga Angor, Jarqo`rg`on, Qumqo`rg`on, Oltinsoyda 6 ta saqlash, quritish, saralash va tashish markazini barpo qilish, Termiz tumanida Koreya bilan birga 50 million dollarlik logistika xabini ishga tushirish topshirildi.
Kelgusi yildan Surxondaryo oziq-ovqat mahsulotlarini eksport qilishdagi tashish xarajatlarining 50 foizini qoplash tizimi joriy etiladi. Bunda qo`shni davlatlarga tashish xarajatlari ham qoplab beriladi, eksport tovarlari ro`yxatiga karam, piyoz, qizil lavlagi, loviya, mosh ham kiritiladi. Bu – qo`shimcha 150 million dollarlik eksport degani.
Ingichka tolali g`o`za 15 foizgacha kam suv talab qiladi, tola chiqimi 10 foiz kam va 12-15 kun erta pishadi.
Shu munosabat bilan ingichka tolali paxtani qayta ishlashni 30 foizga etkazish, ingichka tolali g`o`za navlarini yaratishda molekulyar genetika va seleksiya bo`yicha qo`shma loyiha va zamonaviy laboratoriya tashkil etish, tuproq-iqlim sharoitiga mos ingichka tolali g`o`za navlari maydonini 50 ming gektargacha kengaytirishga topshiriq berildi.
Yig`ilishda yaqin yigirma yilda Amudaryo va Sirdaryo oqimi 15 foiz kamayishi kutilayotgani ta`kidlandi.
Suv tejovchi texnologiyalar kengaytirilmoqda, lekin bu etarli emasligi qayd etildi.
Surxondaryoda 80 foiz erlar nasos orqali sug`oriladi. Biroq 52 ta nasosning xizmat muddati 40 yildan oshgan.
Oqibatda, suv tannarxi 2 barobar qimmatga tushayapti, yiliga 20 million kilovatt soat elektr behuda sarflanayapti, yana 20 ming gektarda suv ta`minoti yomonlashgan.
Shuningdek, 1 ming 700 kilometr sug`orish tarmog`ining yarmi tuproq o`zanli bo`lgani uchun 35 foiz suv yo`qotilayapti.
"Suv – tekin emas", degan g`oyani aholiga chuqur singdirish, uni mahalla faollari, nuroniylar, ziyolilar va keng jamoatchilik bilan birga kundalik turmush qoidasiga aylantirish asosiy vazifa bo`lishi lozim", - dedi Prezident.
Mutasaddilarga 47 ta kanalni betonlash bo`yicha ikki yillik dastur ishlab chiqish, suv yo`qotilishi ko`p bo`lgan 6 ta kanalni ta`mirlash, kelgusi yilda “Sherobod magistral” kanalini ta`mirlashga 60 million dollar jalb etib, 90 ming gektar erlarni tiklash bo`yicha topshiriq berildi.
17.11.2023 14:40
Yig`ilishda yaqin yigirma yilda Amudaryo va Sirdaryo oqimi 15 foiz kamayishi kutilayotgani ta`kidlandi






