Prezident viloyatning tranzit va turizm salohiyatini ishga solish masalalariga to`xtaldi.
Viloyatga qo`shni davlatlarda 5 milliard dollarlik katta bozor bo`lsa-da, ularga eksportimiz 200 million dollarga etmaydi.
Hozirda 75 million dollar sarmoya evaziga “Termiz xalqaro savdo markazi” qurilmoqda. Markazga “Termiz” bojxona posti ko`chiriladi, “yagona darcha”, notarial va bank xizmatlari yo`lga qo`yiladi.
Shuningdek, Sariosiyodagi “O`zbek-Tojik chegara posti” yonida 6 gektar bo`sh erda “Transport logistika markazi”ni barpo etish, Bandixondagi “Tangi-mush” stansiyasida eksport uchun yuk ortish-tushirish xizmatlarini yo`lga qo`yish topshirildi.
Tranzit salohiyati yuqori Termiz shahri, Jarqo`rg`on, Sariosiyo va Uzundagi magistral yo`l chetida logistika-servis markazlari ochiladi, Jarqo`rg`on, Oltinsoy va Denovni bog`lovchi 111 kilometr yo`lni ta`mirlashga xususiy sherik jalb qilinadi.
Viloyatning turizm salohiyati ancha yuqori, bu erda 600 dan ziyod madaniy meros va turizm ob`ektlari bor.
Bu yili Dalvarzintepa yodgorligida ochiq osmon muzeyini tashkil qilish bo`yicha ishlar boshlandi. Bu ishlarni davom ettirib, Boysunda dunyodagi eng chuqur g`orlardan biri bo`lgan “Boybuloq”, neandertal odam qoldig`i topilgan “Teshiktosh” va “Machay” g`orlari, ellin madaniyati yodgorligi bo`lmish Uzundara qal`asida ham bunday muzey tashkil etiladi. Sheroboddagi qadimgi odam yashagan Xatak g`ori va Zarautsoy qoyatoshiga xorijiy olimlar ekspedisiyasi yo`lga qo`yiladi.
“Samarqand – Kitob – Denov – Oltinsoy – Termiz” marshruti bo`ylab “Naqshbandiya pirlari” turizm halqasi ochiladi.
Viloyatda 2,5 ming o`ringa ega 53 tagina mehmonxona bor, ularning yarmi Termiz shahrida joylashgan.
Kelgusi yilda viloyatga sayyohlar oqimini 3 barobar oshirish reja qilinayotgani bois, Surxondaryo tadbirkorlariga mehmonxona qurishga “yulduzi”dan qat`i nazar subsidiya berilishi belgilandi.
Yil yakuniga qadar Sariosiyo aeroportida fuqaro aviasiyasi faoliyatini tiklash, kelgusi yildan Sariosiyodan Samarqand va Toshkentga muntazam reyslarni yo`lga qo`yish, Termizdan Istanbul, Farg`ona, Buxoro va Xorazmga reyslarni ko`paytirish topshirildi.
Shuningdek, “Termiz – Toshkent” yo`nalishida turistik vagon qo`yiladi, “Sariosiyo – Toshkent” yo`nalishida poezd qatnovi yo`lga qo`yiladi.
17.11.2023 14:54
Endi Surxondaryo tadbirkorlariga mehmonxona qurish uchun “yulduzi”dan qat`i nazar subsidiya beriladi. Chunki...
