Viloyatda madaniyat va sportni rivojlantirishga qaratilgan qator vazifalar belgilab olindi.
Jumladan, “Boysun”, “Shalola”, “Boy-chechak”, “Chor-qarsak”, “Bulbuli-go`yo” kabi badiiy jamoalarning xalqaro festivallarda ishtirokini ta`minlash muhimligi ta`kidlandi.
Madaniyat vazirligi baxshichilik san`ati namunalari, doston va termalarning “Oltin fondi”ni yaratadi. “Do`mbira” ustaxonasi va “Baxshilar uyushmasi” tashkil qilinadi.
Shuningdek, Surxon yoshlarini sportga jalb qilish bo`yicha bir oy muddatda qaror loyihasini kiritish, kelgusi yilda “Uchqizil” suv omborida baydarka va kanoeda eshkak eshish xalqaro sport bazasini tashkil qilish topshirildi.
Yana bir masala - iqtidorli yoshlarimizni xorijda o`qitish. Jumladan, kelgusi yillarda Surxondaryodan 500 nafargacha yoshlar Italiyaga yuboriladi. Ular Italiyaning yirik sanoat korxonalarida to`qimachilik, qurilish materiallari, oziq-ovqat ishlab chiqarish uskunalarida ishlashni o`rganib keladi. Yoshlar o`qishdan qaytib kelgach, ular o`z tadbirkorligini yo`lga qo`yishiga har tomonlama ko`mak ko`rsatiladi.
Yig`ilish davomida hududlar va tarmoqlar, tegishli idoralar rahbarlarining hisoboti tinglandi.
17.11.2023 16:30
Surxondaryodan 500 nafargacha yoshlar Italiyaga yuboriladi - prezident






