AsosiyJamiyat

"Gender tenglik ekologik muammolarni hal qilishda muhimdir"

'"Gender tenglik ekologik muammolarni hal qilishda muhimdir"'ning rasmi

BMT Konvensiyasi (CRIC-211) ijrosini ko`rib chiqish qo`mitasining 21-sessiyasi doirasida gender tenglik mavzusiga bag`ishlangan yalpi majlis bo`lib o`tdi. Unda cho`llanish va qurg`oqchilikka qarshi kurashda xotin-qizlarning o`rni, er resurslaridan foydalanishda gender tenglikni ta`minlash masalalari muhokama qilindi.  

“Statistikaga qaraydigan bo`lsak, bugungi kunda er yuzida og`ir mehnat bilan shug`ullanayotganlarning ko`p qismini xotin-qizlar tashkil etadi. Ammo ular er resurslarining juda kam qismiga egalik qilishadi. Bugungi sessiya aynan ana shu gender notenglikka chek qo`yish, xotin-qizlarning huquqlarini mustahkamlashga bag`ishlangan, — dedi BMTning cho`llanishga qarshi kurash to`g`risidagi konvensiyasi ijrochi kotibi Kseniya Sklenlon. — Gender tenglik qurg`oqchilik, ocharchilik va erlarning degradasiyasiga qarshi kurashda barqaror, progressiv va mazmunli harakatlarni amalga oshirish uchun juda muhimdir. Maqsadimiz ayollarning aynan er yuzidagi sog`lom hayotni saqlab qolish borasidagi vakolatlarini kengaytirishdir”.

Tadbir davomida gender tengsizlik ayollarning resurslardan foydalanishlariga, bu boradagi bilim va ko`nikmalarini mustahkamlashlariga to`sqinlik qilishi alohida ta`kidlandi. Gender tenglik esa o`z navbatida xotin-qizlarga tuproq emirilishini saqlab qolish, daraxt ekish kabi barqaror erni boshqarish amaliyotiga sarmoya kiritish imkoniyatini berishi qayd etildi.

Shuningdek, dunyo bo`yicha erga teng egalik huquqi yo`qligi, resurslar, axborot, texnologiyalar va moliyaviy xizmatlardan foydalanish hamda qarorlar qabul qilishda ayollar ma`lum to`siqlarga duch kelayotganli, shuning uchun ham chang va qum bo`ronlariga qarshi kurashish va er degradasiyasini to`xtatish uchun genderga mos va genderni o`zgartiruvchi chora-tadbirlarga alohida e`tibor qaratildi.

“Cho`llanishning oldini olishda suvni tejash juda muhim hisoblanadi. Suvni esa, asosan, ayollar tejaydi. Qolaversa, ekologik muammolarni bartaraf etish uchun echim izlayotgan olimlar orasida xotin-qizlarning soni ortib bormoqda. Bugun ayollar ilmiy izlanishlar o`tkazib, qurg`oqchilik, ocharchilik, erlarning degradasiyaga uchrashi kabi muammolarga qarshi o`rinli echimlar taklif qilishmoqda, — dedi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o`zgarishi vazirligi huzuridagi Atrof-muhit va tabiatni muhofaza qilish texnologiyalar ilmiy-tadqiqot instituti biologik xilma-xillikni saqlash laboratoriyasi boshlig`i Adolat O`rinova. — Xususan, bizning institutimizda ham olima ayollar cho`llanish, er degradasiyasining oldini olish, Orolning qurigan tubida cho`lga chidamli o`simliklarni ekish, ko`paytirish borasida ilmiy izlanishlar olib borishyapti”.

Tadbir davomida ayollarning, ayniqsa, qishloqlarda yashovchi xotin-qizlarning erdan teng foydalanishi va egalik qilishini yanada rag`batlantirish va bu boradagi xavfsizligini yaxshilashga muhim ekanligi qayd etildi. Yakunda ekologik muammolarni bartaraf etishda gender tenglikni ta`minlash borasidagi chora-tadbirlarni izchil davom ettirish, bu boradagi hamkorlikni yanada mustahkamlashga kelishib olindi.

    Boshqa yangiliklar