AsosiyJamiyat

Yaratilishida ikki yarim yildan ortiq vaqt ketgan, 27 yil avval ilk bor olimpiya o`yinlarida ko`tarilgan... Yoxud O`zbekiston bayrog`i ko`rinishi va ranglari muallifi kim ekanini bilasizmi?

'Yaratilishida ikki yarim yildan ortiq vaqt ketgan, 27 yil avval ilk bor olimpiya o`yinlarida ko`tarilgan... Yoxud O`zbekiston bayrog`i ko`rinishi va ranglari muallifi kim ekanini bilasizmi?'ning rasmi

Bugun, 18 noyabr — O`zbekiston respublikasi davlat bayrog`i tashkil topgan kun.

“O`zbekiston Respublikasi Davlat bayrog`i to`g`risida”gi qonun 1991 yil 18 noyabrda O`zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining navbatdan tashqari O`tkazilgan VII sessiyasida qabul qilingan.

Bayroq va uning ramzi O`zbekiston sarhadida qadimda mavjud bo`lgan davlatlar bilan tarixan bog`liqligini anglatadi hamda respublikaning milliy-madaniy an`analarini o`zida mujassamlashtiradi.

Jumladan, O`zbekiston davlat bayrog`i dunyo bo`ylab O`zbekiston degan nomni namoyon etib turuvchi eng muhim ramzi hisoblanadi. Ma`lumot uchun: bundan 27 yil muqaddam sportchilarimiz ilk bor O`zbekiston bayrog`i ostida olimpiya o`yinlarida qatnashgan. Jahon arenalarida, dunyo minbarlarida davlat bayrog`i bilan chiqamiz.

Ikki yarim yildan ortiq vaqt ketgan

O`zbekiston Respublikasi Davlat bayrog`i, gerbi va madhiyasining ishlab chiqilishi va qabul qilinishi jarayoni ikki yarim yildan ko`proq muddatni va amaliy ahamiyatga ega bo`lgan bir necha bosqichlarni o`z ichiga olgan.

Birinchi, O`zbekiston Respublikasining ramziy belgilarini ishlab chiqishga tayyorgarlik bosqichi amalga oshirilgan. Davlat bayrog`i, gerbi va madhiyasini qabul qilish yuzasidan konstitusiyaviy komissiya, ekspertlar guruhi va maxsus komissiya tuzildi.

Ikkinchi, O`zbekiston Respublikasi davlat ramzlari va ularning musiqaviy ekvivalentini ishlab chiqish bo`yicha tanlov bosqichi amalga oshirildi. Tayyorgarlik ishlari 1991 yil 11 fevraldan boshlab yuborilgan bo`lsa, iyun oyida davlat bayrog`i va gerbi loyihasiga dastlabki tanlov e`lon qilindi.

Uchinchi, loyihalarning umumxalq muhokamasi bosqichi amalga oshirildi. Bu bosqichda davlat bayrog`i va gerbi emblemalarining variantlari, madhiya matni hamda musiqasi matbuotda umumxalq muhokamasiga qo`yildi.

To`rtinchi, Tanlov va umumxalq muhokamasi natijalarining O`zbekiston Respublikasi Oliy Kengashida umumlashtirilishi bosqichi. Taqdim etilgan davlat bayrog`i emblemasi loyihalari ko`pchilik deputatlarni qoniqtirmadi va ijodiy izlanishlar davom ettirildi.

Birinchi Prezident g`oyasi...

Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov umumxalq muhokamasi davomida tushgan takliflarning asosiy g`oyalarini mujassamlashtirib, davlat bayrog`idagi uchta asosiy rangni – moviy, oq va yashil yo`l-yo`llarni o`z qo`li bilan chizib, komissiyaga taqdim etdi va uning ushbu tashabbusi O`zbekiston Respublikasi Davlat bayrog`ini qabul qilishda asos vazifasini bajardi.

Shundan keyin tanlovda g`olib deb topilgan davlat bayrog`i loyihasining uch varianti parlament muhokamasiga qo`yildi. Qizg`in muhokamalardan so`ng ularning ikkinchisi ko`pchilik ovoz bilan asos sifatida qabul qilindi.

1991 yil 30 sentyabr kuni davlat bayrog`ining emblemasi parlament qarori bilan qabul qilindi, 1991 yil 18 noyabr kuni parlament tomonidan “O`zbekiston Respublikasi Davlat bayrog`i to`g`risida”gi Qonun qabul qilindi.

Bugun davlat bayrog`i nafaqat O`zbekiston bo`ylab ko`plab rasmiy bino va joylar oldida, bayramlar maydonlariga, balki dunyo bo`ylab — Birlashgan Millatlar Tashkiloti binosi oldida, O`zbekistonning xorijiy mamlakatlardagi diplomatik, savdo vakolatxonalari va konsullik muassasalari binolari oldida O`zbekiston davlat bayrog`i hilpirab turadi.

Ma`lumot uchun: “O`zbekiston Respublikasi davlat bayrog`i to`g`risidagi”ga ko`ra, davlat bayrog`ining standart bo`yicha uzunligi 250 santimetr, kengligi 125 santimetrga teng. Rang enlari kengligi bir xil. Yangi oy va yulduzlar tasviri moviy rangli yuqori enning o`rtasidan 70x30 santimetrga teng to`g`ri to`rtburchakka sig`adigan qilib joylashtirilgan. Yulduzlar uzunasiga va tikkasiga quyidagi tartibda joylashadi: yuqori qator uch va quyi qator besh yulduzdan iborat bo`lib, bu o`n ikki yulduz tasviri tushirilgan.  O`zbekiston Respublikasi bayrog`idagi bu o`n ikki yulduz qadimgi yilnomamizga bevosita aloqador. Yulduzlar sarhadimizda qadimgi davlatlar ilmiy tafakkurida nujum ilmi taraqqiy etganligi bilan ham izohlanadi.

 

 

    Boshqa yangiliklar