Prezident Shavkat Mirziyoev 18 noyabr kuni Olimpiya shaharchasi qurilishi bilan tanishdi.
Ma`lumki, 2025 yilda Yoshlar o`rtasidagi Osiyo va Paraosiyo o`yinlari yurtimizda o`tkaziladi. Shu bois Olimpiya shaharchasida mazkur musobaqalar dasturiga kiritilgan barcha sport turlari uchun sharoit bo`ladi. Uning maydoni 100 gektar. Asosiy inshootlar - 10 ming o`rinli stadion va 2 mingdan tomoshabinga mo`ljallangan velodrom, suv sporti saroyi, yakkakurashlar va jamoaviy o`yinlar majmualaridir.
Shuningdek, 4 qavatli ma`muriy bino, 15 ta ochiq sport maydoni, yugurish yo`laklari, bog`lar barpo etiladi. Umuman, shaharchaning 54 foiz maydoni yashil hudud bo`ladi. Buning uchun 37 gektarda sun`iy ko`llar tashkil qilinadi.
Loyiha 70 ta mamlakatda sport inshootlari qurgan Xitoyning “CAMC Engineering” kompaniyasi bilan birgalikda amalga oshirilmoqda.
Bundan bir yil oldin, 9 noyabr kuni davlatimiz rahbari mazkur shaharcha qurilishiga tamal toshi qo`ygan edi. Bugungi kunda asosiy binolarning poydevor ishlari to`liq bajarilgan. 5 ta majmuaning konstruksiyalari tiklanib, qad ko`tarib qolgan. Qurilishga mingga yaqin ishchi va muhandislar, maxsus texnikalar jalb qilingan.
Davlatimiz rahbari shaharchani ekspluatasiya qilish bo`yicha xorijiy tajribani joriy etish, xavfsizlik choralarini ko`rish va qulayliklarni oshirish yuzasidan ko`rsatmalar berdi.
- Osiyo o`yinlari o`tgandan keyin majmualar bo`shab qolishi kerak emas, xalqimizga xizmat qilishi kerak. Bu erda mashg`ulotlar bilan birga sport ta`limi, ilmi, tibbiyoti mujassam bo`lishi zarur. Ya`ni, bu joy mamlakatimiz sportining ilmiy, amaliy, o`quv-mashg`ulot markazi bo`ladi, - dedi Shavkat Mirziyoev.
Keyinchalik bu erda Yoshlar siyosati va sport vazirligi, sport federasiyalari, O`zbekiston davlat sport akademiyasi va boshqalar faoliyat ko`rsata boshlaydi. Maydonchalarda yurtdoshlarimiz ham sport bilan shug`ullanishi mumkin bo`ladi.
- Kelajakda bu shaharcha bilan bolalar sport maktablarini ham bog`lash kerak. Ommaviy sportdan professional sportga o`tish ko`prigi bu, - dedi Prezident.
Shaharchada paralimpiya o`yinlari ham o`tkazilgani bois jismoniy imkoniyati cheklangan insonlar uchun qulay yo`llar va alohida sektorlar tashkil etiladi.
Prezidentimiz tavsiyasiga muvofiq, majmuada qayta tiklanuvchi energiyadan ham foydalaniladi. Yillik quvvati 10 megavatt 56 ming kvadrat metr quyosh panellari o`rnatiladi.
Shu erda Toshkent shahri bo`yicha o`tgan yili taqdimot qilingan investisiya dasturiga muvofiq, bu yil ishga tushirilgan loyihalar haqida axborot berildi. Qayd etilganidek, joriy yilning o`tgan davrida ishlab chiqarish va xizmat ko`rsatish sohalarida 360 ta loyiha bajarilib, jami 20 mingta ish o`rni yaratilgan. Shuningdek, kelgusida Yangi hayot tumanida 650 gektar maydonda yangi avlod sanoat zonasi tashkil etish rejalashtirilgan.






