AsosiyJamiyat

Shavkat Mirziyoev Mirzo Ulug`bek tumanidagi mahallada bo`ldi

'Shavkat Mirziyoev Mirzo Ulug`bek tumanidagi mahallada bo`ldi'ning rasmi

Prezident Shavkat Mirziyoev poytaxtimizning Mirzo Ulug`bek tumanidagi Habib Abdullaev mahallasida bo`ldi.

Bu mahallada 4 ming 400 nafardan ziyod aholi yashaydi. Hududda ellikka yaqin savdo do`konlari va xizmat ko`rsatish shoxobchalari, ta`lim tashkilotlari faoliyat yuritmoqda. 38 ta ko`p qavatli uy va to`rtta ijtimoiy ob`ektga “Madaniyatli hudud” boshqaruv servis kompaniyasi xizmat ko`rsatadi.

Aholining mazmunli hordiq chiqarishi uchun barcha sharoitlar yaratilgan. Joriy yilda otalar choyxonasi, amfiteatr, “Wi-Fi” hudud barpo etildi, ichki yo`llar va bolalar maydonchalari ta`mirlandi.

Mas`ullarning e`tibori, aholining hamjihatligi sabab hududning manzarasi tubdan o`zgardi. “Yashil makon” loyihasi doirasida shu kuzda 2 ming tupdan ortiq manzarali va mevali ko`chatlar ekildi. Ikkita artizan quduq qazilib, yashil maydonlarni sug`orish tizimi yaratildi.

Davlatimiz rahbari shu erda tuman faollari, nuroniylar bilan suhbatlashdi. Ular o`z mahallalari obod bo`lgani, energiya tarmoqlari ta`mirlanib, qishga puxta tayyorgarlik ko`rilganini aytishdi.

Prezident energiyani tejash, xonadonlardagi issiqlikni asrash, har bir insonda bunga daxldorlikni shakllantirish zarurligini ta`kidladi.

- Dunyodagi iqlim o`zgarishlari bizdan uzoqda, deb bo`lmaydi. O`tgan yilgi sovuq buni ko`rsatdi. Endi iqlim o`zgarishini inobatga olib, dunyoqarashimizni ham o`zgartirishimiz kerak. Har bir fuqaro «bu mening uyim, mening mahallam, mening tumanim, mening Vatanim» deb yashasa, natija biz kutgandek bo`ladi, - dedi Shavkat Mirziyoev.

Bu mahallada ham qish oldidan o`nta transformator ta`mirlandi, elektr simlari almashtirildi. Ko`p qavatli uylarning kirish yo`laklar kapital ta`mirlandi, yangi eshiklar o`rnatildi. Uylarning erto`lasidagi issiqlik quvurlari yangilandi.

Davlatimiz rahbariga Chilonzor tumaniga tashrif chog`ida berilgan topshiriqlarga muvofiq qishga ko`rilgan tayyorgarlik haqida axborot berildi.

    Boshqa yangiliklar