Qishloq xo`jaligi vazirligi noyabr oyida bodring va uzum narxi ko`tarilgani bo`yicha ma`lumot berdi.
Qayd etilishicha, bugungi kunda ochiq dalalarda etishtirilgan bodring hosili yig`ishtirib olinib, iste`molchilarga etkazib berildi. Ochiq dalalarda etishtirgan mahsulotlarning narxi mavsumda 1 kg uchun o`rtacha 1,5-2,0 ming so`mni tashkil qildi.
Oldingi yillarda ham noyabr oyi o`rtalariga kelib bodring narxi o`sishi kuzatilgan. Jumladan 2021 yilda oldinga oylarga nisbatan noyabrda 1,3 barobarga, 2022-yilda 1,9 barobarga oshgan.
Vazirlar Mahkamasining 2023 yil 27 oktyabrdagi 567-sonli qarori qabul qilinib, issiqxonalarga kafolatlangan tabiiy gaz etkazib berish belgilangandan so`ng issiqxonalarda ekin ekish ishlari boshlandi. Issiqxonada etishtirilayotgan mahsulotlar noyabr oyi 3 dekadasi va dekabr oyi boshidan terimi boshlanishi bilan ichki bozorda narxlar barqarorlashishi prognoz qilinmoqda.
Ko`p yillik monitoring kuzatishlarga ko`ra, noyabr-dekabr oylarida uzum mahsulotlari saqlash uchun joylashtirilishi oqibatida unga bo`lgan narxlarning oshishiga olib keldi. Xususan, 2022-yilning noyabr oyi narxi oktyabrga nisbatan 111,5 foizga oshgan bo`lsa, joriy yilda mos ravishda bu ko`rsatkich 119 foizga o`sgan.
Jumladan, mahsulot navi bo`yicha husayni 15 - 25 ming so`m, toyfi 15-20 ming so`mni tashkil etgan bo`lsa, ichki va tashqi bozorda xaridorgir bo`lgan rizamat ota, mersedes kabi navlariga talab oshgan (1 kg 90 ming so`m atrofida).
Shu o`rinda ijtimoiy tarmoqlarda tarqalayotgan qishloq xo`jaligi mahsulotlarining narxlari oshishi bilan bog`liq vaziyat tabiiy holat bo`lib, bu qish mavsumi uchun issiqxonalarda bir muddat tayyorgarlik ishlari natijasida yuzaga kelgan.