AsosiyJamiyat

Meksika orqali AQShga noqonuniy kirishga uringan O`zbekiston fuqarolari hibsda saqlanadi

'Meksika orqali AQShga noqonuniy kirishga uringan O`zbekiston fuqarolari hibsda saqlanadi'ning rasmi

2023 yil 20 noyabrdan boshlab AQSh-Meksika chegarasi orqali AQShga noqonuniy kirayotgan O`zbekiston fuqarolari AQShga qo`yib yuborilmaydi, buning o`rniga ular bilan bog`liq immigrasiya ishi hal qilingunga qadar hibsda saqlanadi. Bu haqda AQShning mamlakatimizdagi elchixonasi xabar berdi.

AQSh Ichki xavfsizlik departamenti Davlat departamentini xabardor qilishicha, AQShda qolish uchun qonuniy asosga ega bo`lmagan O`zbekiston fuqarolarini mamlakatdan chiqarib yuborish masalasi bo`yicha O`zbekiston hukumati bilan yaqindan hamkorlik qilinmoqda. Mamlakatdan chiqarib yuborish tijorat aviakompaniyalari hamda AQSh Immigrasiya va bojxona nazorati bilan tuzilgan charter reyslari orqali amalga oshirilmoqda.

"AQSh-Meksika chegarasi orqali AQShga noqonuniy migrasiya xavfli va qimmatdir. Kontrabandachilarning yolg`on va`dalariga uchmang. Amerika Qo`shma Shtatlariga sayohat qilish uchun xavfsiz va qonuniy vositalardan foydalaning.

AQSh chegarasini noqonuniy kesib o`tgan shaxslar bu mamlakatga kamida besh yil ichida qonuniy ravishda qayta kirishlari taqiqlanadi. Noqonuniy migrasiyaga yordam beradigan oila a`zolari ham viza olishdan butunlay mahrum etilishi mumkin.

Amerika Qo`shma Shtatlari xavfsiz, tartibli va insonparvar migrasiya jarayonlarini rivojlantirish maqsadida chet ellik hamkorlar bilan faoliyat olib boradi hamda Qo`shma Shtatlarda qolish uchun qonuniy asosga ega bo`lmagan barcha noqonuniy kiruvchilar va fuqaroligi bo`lmaganlarni immigrasiya qonunchiligi (Title 8) vakolati ostida tezda mamlakatdan chiqarib yuboradi", deyiladi elchixona ma`lumotida.

    Boshqa yangiliklar