O`zbekistonning Ispaniyadagi Favqulodda va Muxtor Elchisi Jahongir G`aniev diplomatik missiyasi yakunlangani munosabati bilan Ispaniya TIVning tashqi va global aloqalar bo`yicha Davlat kotibi Anxeles Morena Bau bilan uchrashdi.
Suhbat chog`ida keyingi yillarda O`zbekiston va Ispaniya o`rtasidagi ikki tomonlama hamkorlik ko`p qirrali yangi bosqichga ko`tarilib, yuksak samaralar berayotgani alohida ta`kidlandi.
Ispaniya Tashqi ishlar vazirligi Davlat kotibi o`zbekistonlik diplomatga ikki tomonlama munosabatlarni rivojlantirish va ularga barqaror sur`at bag`ishlashga qo`shgan hissasi uchun minnatdorlik bildirdi.
Uchrashuv yakunlari bo`yicha tomonlar ikki tomonlama munosabatlarni yanada rivojlantirish va avval erishilgan kelishuvlar amalga oshirilishiga ishonch bildirdi.
Jahongir G`aniev 2017 yildan buyon O`zbekistonning Madriddagi elchixonasida ishlab keladi: dastlab Muvaqqat ishlar vakili, 2018 yilda Favqulodda va Muxtor Elchi, Jahon sayyohlik tashkilotidagi (YuNVTO) doimiy vakil, 2020 yili o`rindoshlik asosida Vatikandagi elchi etib tayinlangan.
Shuningdek, Xalqaro zaytun kengashidagi vakil etib tasdiqlangan. Unga qadar, 2007-2012 yillarda mamlakatimizning Italiyadagi elchisi va bir vaqtning o`zida Oziq-ovqat va qishloq xo`jaligi tashkiloti (FAO), Xalqaro qishloq xo`jaligini rivojlantirish jamg`armasi (IFAD) va Jahon oziq-ovqat dasturi (WFP) huzurida doimiy vakil bo`lgan.






